Samarqandda “dom”ning tomiga basseyn qurganlarga chora ko‘rildi (video)
3-sahifa
−
14 may
10160Samarqand viloyatining Samarqand shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylarning tom qismida bir guruh fuqarolar o‘zboshimchalik bilan basseyn qurdi. Bu haqda Samarqand viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, inspeksiya tomonidan o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida Samarqand shahri Rudakiy ko‘chasidagi 77-sonli ko‘p qavatli uyning 9-qavatida joylashgan xonadonlarni pentxaus qismida 2 ta holatda o‘zboshimchalik bilan basseyn qurilmasi qurilgani aniqlangan.
“Ushbu qurilmalar ko‘p qavatli uyning loyihasida nazarda tutilmagan bo‘lib, seysmik hodisa vaqtida binoning tebranishini kuchaytirib, seysmik mustahkamligiga zarar yetkazishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, holat yuzasidan inspeksiya xodimlari tomonidan fuqarolarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasi (turar joylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalarini, uy-joy fondidan texnik foydalanish qoidalari va normalarini, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish qoidalarini buzish) tegishli qismiga asosan ma’muriy chora ko‘rish ishlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha qilinishicha, majburiy ko‘rsatmada berilgan vaqt ichida fuqarolar holatni o‘z ixtiyori bilan bartaraf qilib, oldingi ko‘rinishga keltirmasa, ushbu qurilmalarni majburiy tartibda bartaraf etish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Navoiy viloyatidagi bog‘chada qurilish sifatsiz olib borilayotgani aniqlanib, undagi ishlar vaqtincha to‘xtatilgan, sifatsiz bajarilgan ishlar esa joyida buzdirilgandi.
LiveBarchasi