Samarqandda biryo‘la 8 nafar piyodaga yo‘l bermagan “avtoterrorchi” ushlandi
3-sahifa
−
13:13 921 1 daqiqa
Samarqandda Malibu 2 haydovchisi biryo‘la 8 nafar piyodaga yo‘l bermay, ularning hayotiga xavf solgan holda yo‘l bezoriligini sodir etdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 8 sentyabr kuni soat 22:20 lar atrofida Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida yuz bergan. Tungi paytda harakatlanib kelayotgan Malibu 2 haydovchisi piyodalarga yo‘l bermasdan, avtomobilni boshqargan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida avtomashina va haydovchining shaxsi aniqlangan. Haydovchi bo‘lib o‘tgan vaziyat yuzasidan o‘z tushuntirishida o‘sha paytda biroz shoshilib kelayotganini va avtomobilining tormozi ishlamagani sabab birinchi yo‘lakdan uchinchisiga o‘tganini aytgan.
“Fuqarolardan, o‘sha piyodalardan, GAI xodimlaridan uzr so‘rayman. Qilgan ishimga pushaymonman. Ikkinchi bunaqa holat takrorlanmaydi”, degan u.
Bildirilishicha, mazkur qoidabuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−10-moddasi (Yo‘l bezoriligi) birinchi qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Hozirda haydovchi bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. To‘plangan hujjatlar esa jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida tez tibbiy yordam avtomashinasiga yo‘l bermagan BYD rusumli avtomobil haydovchisiga nisbatan chora ko‘rilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi