Tez yordamga yo‘l bermagan BYD haydovchisi jazolandi
3-sahifa
−
09:35 2133 2 daqiqa
Toshkent shahrida tez tibbiy yordam avtomashinasiga yo‘l bermagan BYD rusumli avtomobil haydovchisiga nisbatan chora ko‘rildi. Bu haqda kecha, 8 sentyabr kuni Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Sergeli – Chilonzor yo‘nalishida harakatlanayotgan BYD rusumli avtomobil haydovchisi orqasidan kelayotgan maxsus jihozlangan tez tibbiy yordam avtomashinasiga yo‘l bermagani aks etgan.
Holat yuzasidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan o‘rganish olib borilgan. Oqibatda BYD haydovchisining maxsus transport vositasining harakatlanishiga xalaqit bergani aniqlangan.
Haydovchi bu holat qasddan sodir etilmaganini bildirgan. Uning aytishicha, avtomobil oynasi yopiq, konditsioner ishlab turgan va musiqa qo‘yilgani sababli tez yordam avtomashinasining maxsus tovush signalini eshitmagan.
“Shu paytgacha har doim yo‘l berib kelganman. Bu payt oynalar yopiq holatda, konditsioner ishlayotgan bo‘lgan va qo‘shiq ham bo‘layotgandi. Shuning hisobiga eshita olmay qolganman. Qasddan bo‘lmagan bu narsa, hech qanaqa dushmanligim yo‘q. Ularni juda ham hurmat qilaman. Bu hol boshqa takrorlanmaydi” deydi BYD haydovchisi.
Shundan so‘ng, haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan hamda haydovchi bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida tez tibbiy yordam avtomashinasiga yo‘l bermagan Mercedes-Benz rusumli avtomobil haydovchisiga nisbatan chora ko‘rilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi