Samarqandda bir necha mansabdor qo‘lga olindi

3-sahifa

image

Samarqandda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan bir necha mansabdor qo‘lga olindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi ma’lum qildi.

1987 yilda tug‘ilgan Samarqand suv ta’minoti” MCHJ Samarqand shahar filiali rahbari J.Z.ning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, 1966 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan, “Hududgaz Samarqand” GTF metrologiya xizmati boshlig‘i R.J. o‘z mansab vakolatlaridan foydalanib, Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” XKning norasmiy rahbari O.A. va uning jinoiy aloqalari tomonidan o‘g‘irlangan tabiiy gaz hisobini yashirish maqsadida, yetkazib berilgan va iste’mol qilingan tabiiy gaz hisob-kitoblarini muntazam o‘zgartirib kelgan.

Shu bilan birga, u yuqori bosimli gaz tarmoqlarida yuzaga kelgan kamomad va ehtimoliy o‘g‘irlik holatlari mavjudligini bilib tursa-da, masofadan turib gaz tarqatish stansiyalaridagi gaz hisoblagichlariga tashqi ta’sir ko‘rsatgan.

Hozirda R.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yuqoridagi holatga ko‘maklashgan 1982 yilda Narpay tumanida tug‘ilgan, “Hududgaz Samarqand” “Narpaytumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Z.A. ham Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” XKning norasmiy rahbari O.A. va uning jinoiy aloqalarining noqonuniy faoliyatiga amaliy yordam berib, amalga oshiriladigan tekshiruv tadbirlari xususida oldindan xabardor qilib kelgan.

Hozirda Z.A.ga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan.

Yana bir holatda esa 1987 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, “AT “Xalq banki” Samarqand filialida Chakana bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan Sh.Yu. o‘z mansab vakolatidan foydalangan holda o‘zining nomidagi bank plastik kartasiga noqonuniy ravishda 631 mln so‘m kirim qilib, ushbu mablag‘ning barchasini “1 XVET” qimor o‘yiniga tikib, yutqazib qo‘ygan.

Ushbu holat yuzasidan Sh.Yu.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish va 2 yil bank sohalarida moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan maxrum qilish jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, bir holatda Samarqand viloyati “Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi”ning direktori, 1980 yilda Samarqand shaxrida tug‘ilgan S.G. hamda markaz bosh hisobchisi 1968 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan fuqaro A.J.lar o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, markaz mablag‘larini talon-toroj qilib kelgani aniqlangan.

“Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi”ning 2016-2023 yillardagi faoliyati o‘rganilganda, markaz mansabdor shaxslari o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, jamiyatning 1,3 mlrd. so‘mlik mablag‘larini o‘zlashtirib yuborgani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Hozirda ushbu har ikkala shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha QALAMPIR.UZ manbasiga tayanib Samarqandda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Transport yo‘laklari va logistikani rivojlantirish boshqarmasi mansabdori pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand mansabdor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing