Samarqandda bir qiz to‘rt erkak tomonidan zo‘rlandi
3-sahifa
−
05 Oktabr 2023
144939Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida bir qiz to‘rt erkak tomonidan zo‘rlangan. Bu haqda “Sukut saqlama” xabar berdi.
Loyihaga qizning ota-onasi murojaat bilan chiqqan. Ularining aytishicha, qiz o‘sha kuni uyidan 3 km masofa uzoqlikda joylashgan qarindoshinikiga otlangan. Yo‘lda u hamqishlog‘i T.Q.ning uyi atrofida bir guruh mast kimsalarni ko‘rib qolgan. Qiz ularni aylanib o‘tishga chog‘langan paytida T.Q. uning qo‘lidan tutib olgan. Bu jarayonga muqaddam sudlangan A.S. va T.S. ham qo‘shilgan.
Qizni zo‘rlik bilan uyga sudrab kirishgach, uch kishi uni kaltaklagan va zo‘rlagan. Zo‘ravonlar qarshilik ko‘rsatmasligi uchun unga pichoq bilan tahdid qilgan.
“Biroq mast yigitlar uchun bu yetarli bo‘lmadi: T.Q. yana bir hamtovog‘ini chaqirib, uni ham o‘z jinoyatiga sherik qilgan. Ular jabrlanuvchiga “gullab qo‘ymaslik”ni, aks holda uni o‘ldirib yuborishlarini aytib, qo‘rqitgan”, deyiladi bu haqdagi xabarda.
Shundan so‘ng, qonli ko‘ylakdagi qiz shok holatda qarindoshinikiga yetib kelgan va tuman ichki ishlar xodimiga murojaat qilingan. Tuman IIB xodimi hafta oxiri ekanligini va shuning uchun dushanba kuni kelishlarini aytgan. Biroq, dushanba kuni ham u ekspertiza uchun yo‘llanma berishni istamagan.
Oqibatda jabrlanuvchining yaqinlari prokuraturaga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Sud ekspertizasi esa voqea sodir bo‘lganidan uch kun kechroq o‘tkazilgan.
“Bunday hollarda ekspertizani tezroq o‘tkazish muhimligiga qaramay, tuman IIB xodimining harakatsizligi va mas’uliyatsizligi tufayli uch kun yo‘qotildi. Uning ishni kechiktirishi “tasodif”mikin? U yana qancha zo‘rlash holatlariga indamay qarab turgan ekan? Yoki uning uchun huquqbuzarlarning obro‘si muhimmi? Adolatli ish ko‘rmasa, qanday qilib u huquq himoyachisi bo‘lishi mumkin?”, deya holat yuzasidan o‘z savollarini havola etgan “Sukut saqlama” loyihasi.
Jabrlanuvchining qarindoshlari ekspertiza natijalari 24 iyul kuni e’lon qilinganini xabar qilgan. Biomateriallarda bir nechta namunalar topilgan bo‘lsa-da, ish faqat ilgari sudlangan gumonlanuvchiga nisbatan qo‘zg‘atilgan. U jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (Nomusga tegish) bilan ayblanib, 5−8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
“Sukut saqlama” loyihasi Bosh prokuraturaga ushbu ishni nazoratga olish hamda Samarqand viloyati IIB faoliyatini tekshirishni so‘rab murojaat qilgan.
"Balki Samarqand viloyati IIB ular yetakchilik qilayotgan zo‘rlash bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlarni kamaytirishga urinayotgandir. Biroq, rahbariyat jimlik zo‘ravonliklar sonining ortishiga xizmat qilishini tushunmaydi", deya izohlagan buni loyiha mualliflari.
Akobir Sayidov