Samarqandda avtobusni “toshbo‘ron” qilganlarga chora ko‘rildi
Jamiyat
−
29 iyul 2023
16842Avvalroq Samarqandda 50 nafardan ortiq odam avtobus yo‘lini to‘sib, oynasiga tosh otgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi holatga aloqador barcha fuqarolar aniqlanib, ularga nisbatan chora ko‘rilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kecha, 28 iyul kuni soat 14:00 larda Jizzax viloyati G‘allaorol tumani hududidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘lida viloyatlararo yo‘lovchi avtobus haydovchisi, o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Damas haydovchisining yo‘liga chiqib ketgan. Buning ortidan haydovchilar o‘zaro yo‘l talashib, tortishib qolgan.
Shundan so‘ng, Damas haydovchisi Y.Sh. Samarqand viloyati Oqdaryo tumani “Oytamg‘ali” MFY hududida tanishlari bilan M-37 avtomobil yo‘lini to‘sib, avtobusni harakatlanishiga yo‘l qo‘ymasdan, avtobusga shikast yetkazgan. Hodisada hech kim jarohat olmagan.
Holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, ushbu holatda ishtirok etgan barcha shaxslar aniqlanib, ushlangan. Shuningdek, voqeaga aloqador 14 nafar shaxsga nisbatan 15 sutkadan ma’muriy tartibda qamoq jazosi tayinlangan. Hozirda holat yuzasidan qo‘shimcha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi