Samarqandda $80 millionlik aeroport ish boshladi. Uning qanday karomatlari bor?
Intervyu
−
21 mart 2022
27505Joriy yilning 18 mart kuni Toshkentdan Samarqandga yo‘l olgan samolyot aviatsiya sohasi faxriylari, jurnalist va jamoatchilik vakillari bilan to‘ldi. Bunga sabab ushbu sanada zamonaviy loyiha asosida yangilangan Samarqand xalqaro terminali o‘zining ilk mehmonlarini qabul qildi.
Aeroport ochilishida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.
“Bir vaqtning o‘zida 26 ta katta samolyotni bu yerga bog‘lash mumkin. Bu terminal bir kunda 70 ta samolyotga, o‘rtacha emas, katta, ya’ni uzoqqa uchadigan samolyotlarga xizmat qilish qobiliyatiga ega bo‘ldi. Ilgari haftasiga 8 ta samolyot uchgan bo‘lsa, bundan keyin haftasiga 120 ta samolyotga xizmat ko‘rsatiladi. Xudo xohlasa, kuniga 70 ta samolyotga chiqadigan bo‘lsak, butun shahar, hamma joy gullab ketadi”, deydi Bosh vazir o‘rinbosari.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov o‘z so‘zida yo‘lovchilar uchun aeroportdagi qulayliklarini aytib o‘tdi.
“Aeroportga kirgan yo‘lovchilarga o‘z avtomobili bilan terminal yonigacha kelish imkoniyati yaratildi. Ularning ta’bi tiriq bo‘lmaydi. Hech kim ularni bezovta qilmaydi. Terminalga video kameralar o‘rnatilgan. Yo‘lovchilar o‘zlari ro‘yxatdan o‘tib, hech qanday to‘siqqa uchramagan holda uchib ketadi”, deydi hokim.
Xalqaro terminalning tashqi dizayni Baku va Istanbuldagi aeroportlarga o‘xshashi bejizga emas. U Turkiyaning muhandislik kompaniyasi tomonidan yaratilgan me’moriy loyiha asosida qurilgan.
Terminalning tashqi dizayni ochiq turgan kitob shaklida bunyod etilgan bo‘lib, bir qarashda parvoz etayotgan qushni ham eslatadi. Aeroport chiroqlari osmonda 50 km masofadan ko‘zga tashlanadi. Aeroportda 29 ta ro‘yxatga olish peshtaxtasi, 8 ta minish uchun chiqish yo‘lagi, 4 ta teleskopik trap, uchib kelgan yo‘lovchilar uchun 15 pasport nazorati kabinasi mavjud. Havo bandargohini qurish uchun 80 mln dollar sarflangan.
Yangi aerovokzal majmuasi xalqaro me’yorlarga mos ravishda jismoniy imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha talablarni hisobga olgan holda bunyod etilgan.
Dunyoda aeroportlarning hajmi, dizayni, qancha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata olishi va boshqa jihatlariga ko‘ra reytinglar tuziladi. Dunyodagi eng katta aeroport Amerikaning Atlanta shahrida joylashgan Xartsfild-Jekson xalqaro aeroporti hisoblanadi, u 4700 gektar yer maydonini egallagan. Eng chiroyli terminal esa Singapurdagi Changi aeroportidir.
Samarqanddagi terminal ishga tushgunga qadar O‘zbekistonda 10 ta aeroport mavjud bo‘lgan bo‘lib, shu paytgacha ularning tashqi dizayniga u qadar katta e’tibor berilmagan holda qurilgan edi. Xo‘sh, Samarqandda ish boshlagan yangi aeroport xalqaro talablarga qay darajada javob bera oladi? Ushbu savol bilan “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayevaga yuzlandik.
“Mening nazarimda loyiha juda muvaffaqiyatli chiqqan. Chunki aeroportda yo‘lovchilar uchun sovuq, issiq, yomg‘ir, qor sharoitida ham imkoniyatlar yaratilgan. Terminalda restoran, kafelar uchun alohida joylar bor. Qisqasini aytganda, barcha zamonaviy texnologiyalar mavjud. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish jihatidan ham vaqt qisqartirilgan”, deydi Ra’no Jo‘rayeva.
Samarqand xalqaro terminalida ko‘plab davlatlarga yangi yo‘nalishlar ochildi. Endi Samarqandga har qanday tipdagi havo kemalari qo‘nishi mumkin.
LiveBarchasi