Samarqandda 5 ta qardosh mamlakat harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Markaziy harbiy okrugining “Kattaqo‘rg‘on” poligonida “Birlik–2025” mintaqaviy birgalikdagi mashg‘uloti o‘tkazilib, bugun, 21 oktyabr kuni ushbu mashg‘ulotlarning asosiy faol fazasi o‘z yakuniga yetdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va Ozarboyjon Respublikalarining Mudofaa vazirligi bo‘linmalari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur o‘quvlar davomida birgalikda bir-biridan murakkab va o‘ta mashaqqatli vazifalar bajarilgan.

“Birlik–2025” mintaqaviy birgalikdagi mashg‘ulotlarda ishtirok etgan komandirlar tomonidan qabul qilingan qarorlar dastlab modellashtirish va simulyatsiya vositalarida ko‘rib chiqilgan va eng maqbul variantlar amaliyotga joriy etilgan.

O‘quvlarni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-leytenant Shuhrat Xolmuhammedov boshchiligidagi Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublika, Tojikiston, Turkmaniston hamda Ozarboyjon Respublikalarining Mudofaa vazirlari bevosita kuzatib borgan. 

Birgalikdagi amaliy mashg‘ulotlar bir vaqtning o‘zida bir nechta hududlarda o‘tkazilgan. Dastlabki bosqichda uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida shartli dushman joylashgan hududni o‘rganish va razvedka ishlari amalga oshirilgan. Keyinchalik shahar sharoitida noqonuniy qurollangan guruhlarni qo‘lga olish hamda yo‘q qilish bo‘yicha maxsus operatsiya tashkil etilgan. Shu bilan bir vaqtda bo‘linmalar tomonidan belgilangan nishonlarga aniq zarbalar berilgan.

Shuningdek, guruhlarni amaliy qo‘llab-quvvatlash maqsadida navbatma-navbat artilleriya va aviatsiya zarbalari berib turilgan. Xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston havo kuchlariga qarashli qiruvchi samolyotlar va jangovar vertolyotlar shartli dushmanning muhim ob’ektlarini mo‘ljalga olgan.

“Mudofaa chizig‘ida saf tortgan o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, tojik va ozarboyjonlik harbiy xizmatchilar bir yoqadan bosh chiqarib, bir musht bo‘lib belgilangan nishonlarga qarata barcha qurol-aslaha va harbiy texnikalardan qaqshatqich zarbalar berdilar. 20 dan ortiq o‘quv joylarida olib borilgan birgalikdagi taktik harakatlarda harbiy xizmatchilar jangovar shaylik darajalarini amalda namoyon etib, yuqori natijalar ko‘rsatdi”, deyiladi xabarda.

Mazkur mashg‘ulotlar tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, xalqaro terrorizm, ekstremizm kabi global tahdidlarga qarshi kurashish, hamkorlikda aksilterror operatsiyasini o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro ilg‘or tajribalarni almashish va mustahkamlash imkonini bergan.

Mashg‘ulotlardan so‘ng mehmonlar harbiy texnikalarni mobil ta’mirlash ustaxonasi, Brigada taktik guruhining qo‘mondonlik punkti, mudofaa sanoatida modernizatsiya qilingan texnikalari bilan yaqindan tanishgan. Shu bilan birga, delegatsiya vakillariga “Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydonida shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarlik darajalarini yanada oshirishga, jang olib borish sir-asrorlarini chuqur o‘rganishga, usul va uslublarni tahlil qilishga mo‘ljallangan o‘quv joylari xususida ham ma’lumotlar berilgan.

Yakunda “Birlik–2025” mintaqaviy birgalikdagi o‘quvida faol qatnashgan harbiy xizmatchilar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangan.

“Xulosa qilib aytganda, “Birlik–2025” mintaqaviy hamkorlik tadbiri nafaqat ishtirokchi qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi va o‘zaro hamkorligini oshirishga, balki do‘stlik, birdamlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qildi. Ushbu tadbir qardosh mamlakatlar harbiylari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada kuchaytirdi hamda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘lib xizmat qildi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari Mudofaa vazirlari uchrashib, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

harbiy mashg'ulot Markaziy harbiy okrug Kattaqo'rg'on poligoni Birlik–2025

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing