Samarqand yana bir xalqaro yig‘ilishga mezbonlik qiladi
Jamiyat
−
30 mart 2023
11446Joriy yilning 13-14 aprel kunlari Samarqand yana bir xalqaro tadbirga mezbonlik qiladi. Shaharda 13 aprel kuni Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Federatsiyasi vazirlari ishtirokida Afg‘oniston bo‘yicha yig‘ilish, 14 aprelda esa MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 30 mart kuni MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ma’lum qildi.
“14 aprel kuni Samarqandda rejalashtirilgan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi arafasida, ya’ni 13 aprel kuni Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Tashqi ishlar vazirlarining Afg‘oniston bo‘yicha yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda Afg‘onistonga chegaradosh davlatlar vakillari, men bilishimcha, Xitoy Xalq Respublikasi va Pokiston Tashqi ishlar vazirlari kabi muhim vazirlar qatnashadi”, degan Lebedov MDHga a’zo davlatlar doimiy vakillarining Minskdagi yig‘ilishi oldidan.
Shuningdek, u bo‘lajak MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi haqida gapirar ekan, ko‘pchilik hamdo‘stlik mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari Samarqandga kelishga roziligini tasdiqlaganini, O‘zbekiston tomoni ham uchrashuvga tayyorligini ma’lum qilganini ta’kidlagan.
“Bo‘lajak Tashqi ishlar vazirlari kengashiga kelsak, yig‘ilish kun tartibiga an’anaviy tarzda 2022 yilda MDH mamlakatlari TIVlararo maslahatlashuvlari yakunlari, shuningdek, xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha harakatlar dasturini amalga oshirishga oid masalalar kiritilgan. Bundan tashqari, yig‘ilishda Hamdo‘stlik davlatlarining yoshlar poytaxtlarini aniqlash bo‘yicha qarori qabul qilinadi”, degan MDH Bosh kotibi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand 2022 yil sentyabrda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga, noyabrda esa Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga mezbonlik qilgan edi.
LiveBarchasi