Samarqand yana bir xalqaro sammitga mezbonlik qiladi
Jamiyat
−
02 iyun 2023
11255Joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 2 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Cho‘lponota shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitida aytib o‘tdi.
O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyo uchun barqaror turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish dasturini mintaqa davlatlari bilan birgalikda ishlab chiqish va uni mazkur sammitda taqdim etishni taklif qilgan.
“Ushbu dastur infratuzilmani modernizatsiya va tarixiy meros ob’ektlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha aniq loyihalarni, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish va sonini ko‘paytirish, butun mintaqa uchun mo‘ljallangan yagona turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarni ishlab chiqish hamda viza tartibotlarini soddalashtirish masalalarini qamrab oladi”, degan Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Investitsiya forumi, Ta’lim bo‘yicha vazirlar paneli sessiyasi, “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” turizm forumi, ekoturizm festivali, eng yaxshi “sayyohlik qishloqlari”ni taqdirlash marosimi va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand 2022 yilning sentyabr oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga, noyabrida esa Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga mezbonlik qilgan edi. Joriy yilning 13-14 aprel kunlari esa Samarqandda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlari konferensiyasi, MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi hamda “Markaziy Osiyo - Rossiya” formatida Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi yig‘ilish o‘tkazildi. 16-18 may kunlari shaharda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi.