Samarqand va Navoiyda deyarli 300 mln so‘mlik gaz va “svet” o‘g‘irlandi
3-sahifa
−
09 may 2023
5990Samarqand va Navoiy viloyatining bir nechta tumanida tabiiy resurs tarmoqlarini noqonuniy ulab olib, o‘g‘rilik sodir qilgan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, Samarqandning Nurobod va Narpay tumanida “A.E.” MCHJ va “B.P.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari artizan qudug‘i va suv nasosini hech qanday hujjatsiz umumiy foydalanishdagi elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulab olgan. Oqibatda 308,5 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Navoiyning Karmana tumanida ham “K.I.” va “F.P.” oilaviy korxonalarining mas’ul shaxslari ushbu korxonalarga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchalarini hech qanday hujjatsiz umumiy foydalanishdagi gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulab olgan. 150 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan. Umumiy hisobda ushbu qonunbuzilish holatlari oqibatida 289 mln so‘m zarar yetkazilgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz , joriy yilning 3 mart kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish o‘g‘rilik jinoyati deb baholanishi uchun “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokamasi bo‘lib o‘tgandi.
Nurmuhammad Fayzullayev
LiveBarchasi