Noqonuniy gaz va “svet”ga ulanish o‘g‘rilik jinoyati deb baholanadi
Jamiyat
−
03 mart 2023
8025Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish o‘g‘rilik jinoyati deb baholanadi. Bu norma joriy eetilishi ko‘zlangan Qonun bugun, 3 mart kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida muhokama qilindi.
Senatorlar mazkur majlisda “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunini ko‘rib chiqmoqda.
“Amaldagi Jinoyat kodeksida belgilangan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarining yetarli emasligi ushbu jinoyatni sodir etib, davlatga katta miqdorda zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan bugungi kunda tegishli choralar ko‘rish imkoniyatini bermayapti. Shu sababli, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik, bu boradagi vakolatli organlarning ko‘rsatmalarini bajarmaganlik holatlari uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish zarurati vujudga kelganligi alohida qayd etildi”, deydi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuxrat Cho‘lliyev.
Aytilishicha, mazkur Qonun yuqoridagi muammolarni bartaraf etish bilan birga energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
“Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud ularni hisobga olish asboblari va plombalariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek, ushbu qilmishlarni kommunal xizmati tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari bilan til biriktirib, sodir etganlik holatlari endilikda, o‘g‘rilik jinoyati deb baholanishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga “tijorat maqsadi” tushunchasi kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarning muayyan faoliyatida foyda, daromad olish, naf ko‘rishga qaratilgan maqsad ekanligi belgilanmoqda.
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi qonun bilan mustahkamlanmoqda”, deydi Senator Shuxrat Cho‘lliyev.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yil va joriy yilning o‘tgan davri yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari bo‘yicha 433 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 368,1 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Shuningdek, suv ta’minoti tarmoqlariga 1 624 ta noqonuniy ulanishlar aniqlanib, qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslardan 7 mlrd 144 mln so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar undirilgan.
LiveBarchasi