Samarqand O‘zbekistondagi ilk yashil shaharga aylanadi
Jamiyat
−
17 may 2023
9396Samarqand Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) Yashil shaharlar tizimiga qo‘shilgan O‘zbekistondagi birinchi shahar bo‘ldi. Bu haqda Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishida ma’lum qilindi.
“O‘zbekistonning yirik Samarqand munitsipalitetida istiqomat qiluvchi qariyb 560 ming kishi elektroavtobuslar xarid qilinishi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) tomonidan moliyalashtirilgan elektron avtobus deposi qurilishi evaziga ekologik toza jamoat transportidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Samarqand ham bankning “Yashil shaharlar” dasturiga qo‘shilgan O‘zbekistondagi birinchi shahardir”, degan YeTTB.
Aytilishicha, YeTTB buning uchun ushbu shaharga 49 million dollar kredit beradi va bu uzoq muddatli suveren kredit yangi avtoparkdan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan “SamarqandYo‘lovchiTrans” davlat korxonasiga ajratilgan. Mablag‘lar 100 tagacha o‘rta o‘lchamdagi (10,5 metr) elektr avtobuslarini, zaryadlash bloklari bilan bir qatorda, zarur infratuzilmani, jumladan, elektron avtobus deposi, elektr nimstansiyasi, ma’muriy binolarni, ekspluatatsion va texnik xizmat ko‘rsatish inshootlari uchun sarflanishi kutilmoqda.
“Bu “Samarqand yashil shahar” harakat rejasi (GCAP) doirasidagi birinchi loyiha bo‘lib, munitsipalitetga barqaror rivojlanish istiqbollari va strategik maqsadlarini, shuningdek, ustuvor ekologik muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan harakatlar va investitsiyalarni belgilashga yordam beruvchi muhim vositadir. YeTTB va shahar tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan GCAP shovqin va havo ifloslanishini, shu jumladan korbanat angidrid va boshqa zararli chiqindilarni kamaytirishga yordam beradi. Bunda mahalliy hamjamiyatning fikr va g‘oyalari ham inobatga olinadi”, deya loyiha mazmunini izohlagan bank.
“Samarqand yashil shahar” harakat rejasining ishga tushirilishi va ekologik toza shahar transportining joriy etilishi Samarqand shahri uchun juda muhim. Uning chegaralari kengayishi hisobiga yaqin yillarda aholi soni ikki baravar ko‘pishi mumkin. Lekin shahar ommabop sayyohlik maskani bo‘lgani uchun uning tor ko‘chalari va YUNESKO tomonidan qo‘riqlanadigan tarixiy hududlari atrofida og‘ir transportning harakatlanishi ko‘plab muammolarni yuzaga keltirmoqda. Bu esa zamonaviy transport yechimlarini talab qiladi.
Mazkur loyiha Barqaror infratuzilma jamg‘armasi va Yaponiya hukumati tomonidan Yaponiya-YeTTB hamkorlik jamg‘armasi orqali texnik hamkorlik granti hisobidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunga qadar YeTTB O‘zbekiston bo‘ylab 129 ta loyihaga 4 milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritgan.