Samarqand tumani tugatiladi
Jamiyat
−
12 yanvar 13830 2 daqiqa
Samarqand shahri kengaytirilib, Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatiladi. Bu haqda bugun, 12 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan “Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qonunchilik palatasi qarori loyihasida so‘z boradi.
Qayd etilio‘icha, Samarqandni “Millionli shahar”ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turar-joy va noturar binolarni qurish, aholining uy-joylarga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, hududlarni infratuzilma bilan ta’minlash orqali aholiga munosib yashash sharoitini yaratish maqsadida Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatilmoqda.
“Chegaralar o‘zgartirilishi hisobiga Samarqand shahri hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektargacha kengayib, yangi investitsiya va qurilish loyihalari uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani e’tiborga molik. Ya’ni yangi turistik loyihalar, o‘yin maydonlari, akvapark, havo sharlari, istirohat bog‘lari kabi ko‘ngilochar turizm va dam olish maskanlari tashkil etiladi, yangi yashil hududlar va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va logistika markazlari quriladi”, deydi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Diyor Husanov.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahrini “Millionli shahar”ga aylantirish haqida ilk bor 2021 yilda aytilgan edi. O‘shanda buning uchun metropoliya hududida 5 ta tuman tashkil etilishi ma’lum qilingandi.
2025 yil 25 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Urgut tumanida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida esa Samarqand viloyati Oqdaryo, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanidagi 17,5 ming gektar hudud Samarqand shahriga qo‘shib berilishi, buning hisobiga Samarqand shahri aholisi 604 mingdan 882 mingga yetishi aytildi.
Shuningdek, 2025 yilning sentyabr oyida Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilinib, Kattaqo‘rg‘on shahri hududini 2,9 ming gektarga kengaytirish bo‘yicha qaror qabul qilingandi.