Samarqand shahri ham kengaymoqda

Jamiyat

image

Samarqand viloyatining Samarqand shahriga Samarqand tumanidan 170 gektar va Oqdaryo tumanidan 243 gektar yer maydoni qo‘shilib, shahar kengaymoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining taklifiga asosan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingan qarorda so‘z boradi.

Bildirilishicha, Samarqand shahrining me’moriy qiyofasini yanada yaxshilash va obodonlashtirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, shuningdek, hududning turizm salohiyatidan samarali foydalanish, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni jadal rivojlantirishni ta’minlash hamda servis xizmatlar turlari va sifatini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan, hududda 2023-2030 yillarda “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turarjoylar kompleksini barpo etish direksiyasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining taklifiga asosan, Samarqand tumanidan 170 gektar va Oqdaryo tumanidan 243 gektar yer maydoni Samarqand shahri tarkibiga o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda. Majlisda qaror loyihasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari Samarqand shahar, Samarqand va Oqdaryo tumanlari hamda viloyat Kengashlarida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullanganligi qayd etildi. Shuningdek, qaror loyihasida hududning chegaralarini o‘zgartirish va unda belgilangan vazifalarni tizimli amalga oshirish maqsadida Hukumatga kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Mazkur tuman va shahar chegaralarining o‘zgarishi bilan “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi tashkil etilib, ushbu hududda 254 ta ko‘p qavatli uy-joylar, 19 ta ishbilarmonlik va biznes markazlari, 50 ta ijtimoiy soha ob’ektlari, 89 ta ko‘ngilochar va savdo komplekslari hamda tarixiy shaharcha barpo etiladi.

Bundan tashqari, hududda 112 km ichki yo‘llar, piyodalar va velosiped yo‘laklari, 6 km yer usti metro yo‘li, 2 ta katta ko‘prik hamda 7,2 km ichki kommunikatsiya uchun tonnel, 180 km irrigatsiya quvuri hamda 14 km kanal va ko‘plab sug‘orish inshootlari quriladi.

Deputatlarning fikricha, kiritilayotgan o‘zgartishlar kelgusida aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 13 mart kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, Toshkent viloyati hududidan 19 729,41 gektar yer maydonlari Toshkent shahrining Yangi Toshkent tumani tarkibiga o‘tkazilgandi. 22 avgust kuni esa Yuqori Chirchiq tumani hududidan Yangi Toshkentni barpo etish uchun yana umumiy hisobda 158,67 gektar yer maydoni ajratildi. Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev 2024 yilning 22 oktyabr kuni tegishli qarori bilan  Yuqori Chirchiq tumanidagi 110,4 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarilgan hamda uning toifasi o‘zgartirilgan bo‘lib, doimiy foydalanish uchun “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi”ga ajratib berildi


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing