Samarqand aeroportida narxlarni xorijiy valyutaga tenglashtirishga ruxsat berildi
Jamiyat
−
12 may 2022
6365“Samarqand” xalqaro aeroportini boshqaruvchi “Air Marakanda” kompaniyasiga ish va xizmatlar narxlari chet el valyutalariga bog‘lanishiga ruxsat berildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Samarqand” xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish bo‘yicha loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorda keltirilishicha, “Uzbekistan Airports” AJ va “Air Marakanda” MCHJ XK o‘rtasida “Samarqand xalqaro aeroporti” MCHJ ishtirokida 2021 yil 22 sentyabrda imzolangan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim va unga 2022 yil 7 fevralda qo‘shimcha kelishuv bitimi (keyingi o‘rinlarda — Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim) tuzilgan.
Hujjat bilan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitim va Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq ularning amal qilish muddati davomida Xususiy sherik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valyutalariga bog‘lanishiga ruxsat berildi.
Shuningdek, Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitimga muvofiq davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish doirasida Xususiy sherikka, lozim bo‘lgan barcha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langan holda, istisno tariqasida:
• kredit olish va undan foydalanish uchun Xususiy sherikning xorijiy kreditor banklarida bank hisobvaraqlari ochishga;
• kredit xorijiy bank tomonidan ajratilgan taqdirda, xorijiy pudratchilar va yetkazib beruvchilarga ushbu kredit mablag‘lari hisobidan to‘lovlarni O‘zbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali o‘tkazmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirishga ruxsat etildi.
Bundan tashqari, “Uzbekistan Airports”ning “Samarqand” xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik bankidan jalb qilingan kreditni qaytarish uchun Davlat sherigiga (“Uzbekistan Airports”) Xususiy sherik (“Air Marakanda” MCHJ) tomonidan to‘lanadigan belgilangan shakldagi to‘lovlar soliq solish ob’ekti hisoblanmaydi.