Salomga yarasha alik. Xitoy ham AQSH tovarlariga boj joriy etdi
Olam
−
04 aprel
4523Xitoy Davlat kengashi AQSHdan barcha import uchun 34 foiz qo‘shimcha bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Xitoyning boj to‘g‘risidagi siyosati 10 apreldan kuchga kiradi. Xabarga ko‘ra, Xitoyning bu siyosati Trampning keskin qaroridan keyin yuz bergan.
Xitoy, shuningdek, AQSHni zudlik bilan bir tomonlama bojlarni bekor qilishga va iqtisodiy masalalarni tenglik va o‘zaro hurmat asosida hal qilishni boshlashga chaqirgan.
Xitoy Oq uyning harakatlarini xalqaro savdo qoidalariga mos kelmaydigan deb atagan. Pekinning ta’kidlashicha, bunday bojlar bilan Vashington Xitoyning iqtisodiy manfaatlari va huquqlariga katta zarar yetkazadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp savdo hamkorlarga nisbatan “o‘zaro bojlar” joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Tarif ro‘yxatiga o‘nlab davlatlar, jumladan, O‘zbekiston ham kiritilgan. Ular orasida eng yuqori boj – Xitoy, Vetnam va Kambodja mahsulotlariga qo‘llanilgan. Farmonga ko‘ra, Xitoydan keladigan tovarlarga AQSHda 34 foiz, oldingi tariflar bilan jami 54 foiz boj solinadi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, joriy etilgan tariflar Amerika tovarlari uchun “valyuta manipulyatsiyasi va savdo to‘siqlari”ga javobdir. Shundan so‘ng, Xitoy Savdo vazirligi AQSHning yangi bojlaridan norozi bo‘lib, Vashington uzoq yillik savdo muzokaralari natijasida erishilgan manfaatlar muvozanatini e’tiborsiz qoldirayotganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar



