“Salomatlik” ordeni va “Sog‘lom turmush” medali ta’sis etildi

Jamiyat

image

Kecha, 26 may kuni “Salomatlik” ordeni va “Sog‘lom turmush” medali ta’sis etish to‘g‘risida ikki qonun Prezident tomonidan imzolandi. Qonunlar bilan orden va medal to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, “Salomatlik” ordeni bilan O‘zbekiston fuqarolari mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholi salomatligini yaxshilash hamda ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadi. Orden bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.

“Salomatlik” ordeni ikki darajadan iborat bo‘ladi. Mukofotlash, qoida tariqasida, quyidagi tartibda: avval II darajali orden, oradan kamida 3 yil o‘tganidan keyin I darajali orden bilan taqdirlash tarzida amalga oshiriladi.

I darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida, II darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti oladi.

I va II darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilanadigan imtiyozlardan foydalanadi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

“Sog‘lom turmush” medali bilan esa aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qo‘shgan hissasi uchun sog‘liqni saqlash muassasalari shifokorlari, OAV vakillari va blogerlar, fuqarolar, namunali oilalar va sportchilar va boshqa shaxslar mukofotlanadilar.

Medal bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti oladi va qonun hujjatlarida belgilanadigan imtiyozlardan foydalanadi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis senati to‘rtinchi yalpi majlisida ushbu qonunni ma’qullagan edi.


Maqola muallifi

Teglar

medal' orden

Baholaganlar

38

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing