Sallani desa, kallani... Xoliqnazarovning taklifi o‘tib tushdi

Jamiyat

Avval xabar berganimizdek, kecha, 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori, qolaversa, qaror bilan Nizom tasdiqlandi. 

Mazkur qaror joriy yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi. Unda diniy marosimlarni ham o‘tkazishda ayrim cheklovlar o‘rnatilishi bilan bog‘liq takliflar berilmoqda. Jumladan, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov shunday deydi: 

“Dabdababozlik, riyokorlik Qur’onda ham Hadisda ham qoralangan. Aytaylik, xotira marosimi, yoki aqiqa va shunga o‘xshashlar o‘z-o‘zidan diniy marosim hisoblanadi. Shuning uchun agar diniy mazmundagi marosimlar o‘tkaziladigan bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan kelishgan holda o‘tkazilsin, degan ilova qo‘shib qo‘yilsin”. 

Xoliqnazarovning fikricha, bugun o‘tkazilayotgan ayrim diniy mazmundagi marosimlar bid’atning o‘zginasi. Ayniqsa, viloyatlarda bunga ko‘p urg‘u berilmoqda. 

“Hozir odamlar bid’atni ko‘paytiryapti. Viloyatlarda “hoji to‘yi” degan narsa chiqdi. Shariatda “hoji to‘yi” umuman yo‘q. Agar shunday tadbir o‘tkazilsa, biz darhol bunga e’tiroz bildiramiz, siz Hajdan kelgan bo‘lsangiz, odamlarga yaxshilik qilish bilan shug‘ullaning, marosim va dabdababozlikdan qaytaramiz”. 

Nuriddin Xoliqnazarov so‘zida davom etarkan, xonadonlarda o‘tkaziladigan diniy mazmundagi marosimlar ham bundan buyon Musulmonlar idorasi bilan kelishilgan holda tashkillashtirilishi kerakligini ta’kidladi. 

“Aqiqa ham aslida bolaning shukronasi uchun qilinadigan ehson. Bu ham dabdababozlik emas. Yoki marhumlarni xotirlashda kunlarni va adadlarni sanamasdan qalbida tug‘ilgan mahal xotira qilish to‘g‘risida Musulmonlar idorasining bir necha fatvolari bor. Nafaqat amru ma’ruflarni, balki xonadonlarda o‘tadigan boshqa diniy mazmundagi marosimlarni ham Musulmonlar idorasi bilan kelishgan holda o‘tkazsa, turli xurofotlarning oldini olgan bo‘lar edik”. 

Tahririyat: Xoliqnazarovning fikriga qo‘shilishni ham, rad etishni ham bilmaysan kishi. Bir tarafdan rasmiy imomlar tadbirlarda ishtirok etib, nutq qilgani yaxshi. Buning uchun Musulmonlar idorasi eshigini qoqsang, arziydi. Ammo xonadonlarda to‘rtta qo‘shni bilan o‘tadigan xotira deysizmi yo "xudoyi", boring ana iftorlikni nega idora bilan kelishib o‘tkazish kerak. Odamlar-ku idora bilan kelishishga vaqt topar. Ammo idoraning har bir kichik tadbir bo‘ycha murojaatni ko‘rib chiqish, unga ha yoki yo‘q degan javobni berishga vaqti yetarmikin? Balki maxsus komissiya ham tuzarmiz, a labbay?


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Baholaganlar

2234

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing