“Salla desa, kalla”: Xorazmda qo‘lga olish so‘ralgan itlar o‘ldirib yuborildi
Jamiyat
−
09 Sentabr 2023
6088Xorazm viloyati Hazorasp tuman Obodonlashtirish boshqarmasi 13 ta egasiz itni zaharli xo‘rak yordamida o‘ldirib yubordi. Bu haqda Hazorasp tuman hokimligining matbuot xizmati xabar berdi.
Unda qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqda tumanning “Zehnli” mahallasi bolalari maktabga bora olmayotganini aytib, mas’ullardan maxsus qo‘riqxonalar ochib, qarovsiz jonivorlarni o‘sha yerga joylashtirish orqali holatni nazoratga olishni so‘ragan.
Ammo Hazorasp tumani obodonlashtirish bo‘limining Qarovsiz qolgan daydi hayvonlarni ushlash va yo‘q qilish bo‘linmasi xodimlari “salla desa, kallani olib kelish” qabilida ish tutib, itlarni o‘ldirib yuborgan.
“Hazorasp tuman Obodonlashtirish boshqarmasining “qarovsiz qolgan daydi hayvonlarni ushlash va yo‘q qilish” bo‘limi xodimlari tomonidan 2023 yil 04 sentyabr kuni “Zexnli” mahallasiga borib o‘rganish o‘tkazdi. O‘rganish davomida mahallada daydi itlar borligi aniqlangan. Mahallada aniqlangan egasiz va daydi itlarning o‘n uch tasi zaharli xo‘rak yordamida yo‘q qilingan”, deyiladi hokimlik xabarida.
Bu holatdan so‘ng O‘zbekistoda faoliyat yurituvchi Ekolog.uz kanali obodonlashtirish xodimlarini qonunni buzganlikda ayblab, ularga chora ko‘rishni so‘rab chiqdi.
“Vazirlar Mahkamasining “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ko‘chalarda va boshqa joylarda qarovsiz qolgan, shu jumladan, egasiz itlar ushlanib, vaqtincha saqlash uchun maxsus joylarga olib ketilishi kerak edi.
Obodonlashtirish xodimlariga chora ko‘rishingizni so‘raymiz”, deyilgan ekolog xabarida.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekistonda bir nechta hayvonlar qiynoqqa solingani haqida xabar bergan edik.