Saidov Erdo‘g‘anga Mirziyoyevning maktubini topshirdi
Olam
−
29 yanvar
3015Bugun, 29 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan Turkiya poytaxti Anqara shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ushbu mamlakat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Bu haqda vazir o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Janobi Oliylari tomonidan qabul qilinganimizdan xursandmiz”, deb yozadi Saidov.
Shuningdek, u Turkiya rahbariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning salom va maktubini yetkazganini ma’lum qilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining eng samimiy salomlari va maktubini yetkazdik. Rahbarlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan birodarlik rishtalari har bir sohada yaqin hamkorlik qilish uchun eng mustahkam poydevor yaratmoqda. Ming yillik tarix, an’ana va urf-odatlar bilan bog‘liq bo‘lgan xalqlarimiz farovon kelajakni barpo etish yo‘lida bir-biri bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”, deya yozadi vazir.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 yanvar kuni Turkiya poytaxti Anqara shahrida Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston Tashqi ishlar, Iqtisodiyot-savdo va Transport vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tgan va uchrashuvning yakuniy deklaratsiyasi imzolangandi. Deklaratsiya transport va mintaqaviy kommunikatsiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan kompleks Harakat rejasini o‘z ichiga oladi.