Saidakbarxon Akbarov lavozimidan ketganmidi yo ketkazilgandi?

Jamiyat

image

2018 yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri faollari bilan uchrashuvda Toshkent Xalqaro Vestminister universitetining 4-bosqich talabasi Saidakbarxon Akbarovni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlagan edi. Bu esa mamlakatda Akbarov fonida ko‘plab yoshlarda motivatsiya va islohotlarga ishonchni uyg‘otdi. Biroq, oradan bir yil o‘tib, 2019 yilning sentyabr oyida Akbarov lavozimini tark etdi.

O‘sha vaqtda Saidakbarxon Akbarovning mansab kursinini tark etishi sababi aytilmadi. U ketdimi yo ketkazildi? Bu haqdagi savol bilan QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova “Tashkent city”dagi Congress Hall majmuasida o‘tayotgan “Toshkent yoshlar forumi — 2020”da Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovga yuzlandi. 

“Bu yigitimiz ishga juda yaxshi kirishdi. Bu juda yuqori lavozim va katta mas’uliyat talab qiladi. Bunaqa lavozimda ishlagan odam butun vaqtini ishga bag‘ishlashi kerak. Afsuski, u yigit o‘sha davrda hali diplomga ega emasdi. Va o‘z xohishi bilan lavozimidan ketdi. U “men diplomsiz qolishim mumkin emas, menga imkoniyat beringlar, oliy ta’lim muassasasini tamomlab, diplomimni olmoqchiman va faoliyatimni biznesda davom ettirmoqchiman”, deb aytdi. Bu ham u uchun sinov bo‘ldi. 

Har bir inson o‘zini zo‘rlay olmaydi. U uchun ham bunday lavozim, mas’uliyat va vakolat og‘ir bo‘ldi. To‘g‘risini aytsak, birorta vazirlik yo idoraning rais muovini, o‘rinbosari bo‘lish uchun juda katta hayotiy tajriba bo‘lishi kerak. Bu biz uchun ham sinov bo‘ldi. Biz, shaxsan o‘zim bu yigitga yordam berishga juda ko‘p harakat qildik. Lekin, uning xohishiga qarshilik qilsak ham noto‘g‘ri bo‘lar edi. Bu o‘zi anglagan holda uning tanlovi bo‘ldi”, deydi Aziz Abduhakimov. 

Ma’lumot o‘rnida, Saidakbarxon Akbarov 2013 yildan 2018 yilgacha o‘quv markazlari tizmini boshqargan. Akbarov Germaniyaning Gamburg shahrida o‘tgan BMT konferensiyasida ishtirok etgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Aziz Abduhakimov Saidakbarxon Akbarov

Baholaganlar

931

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing