Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayoni bo‘yicha ma’lumot berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonidagi hozirgi holat haqida ma’lumot berdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2024 yilda ushbu yo‘nalishda katta qadam tashlagan.

"Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan qat’iy iqtisodiy islohotlar natijasida amalga oshdi. Xususan, o‘tgan yili JST Ishchi guruhi ikkita muhim yig‘ilish o‘tkazdi. Bu bizga a’zolikning asosiy hujjati – Ishchi guruh Hisoboti loyihasini tayyorlashga kirishishga imkon berdi. Shuningdek, AQSH, Xitoy va Yaponiya kabi 15 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi. Natijada O‘zbekiston hisobida 23 ta imzolangan bitim bor", deydi Mirziyoyeva.

Shuningdek, Prezident yordamchisi O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida biznesni va raqobatni yanada shaffof qilish uchun 20 ta muhim qonun qabul qilinganini qo‘shimcha qildi.

"Tez orada Tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘lish uchun joriy yilda ham biz shu sur’atda davom etamiz. Bu mamlakatimizning investitsion jozibadorligini oshirishi hamda o‘zbek biznesining mintaqaviy va global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga kirib borishini ta’minlashi lozim.

JSTga a’zolik va davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarning yakuniy maqsadi, shubhasiz, xalqimiz farovonligini ta’minlash, unga munosib ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiyot boshqaruvini samaraliroq tizimga o‘tkazishdir", deb yozdi Mirziyoyeva.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 1994 yilda ariza topshirgan va 2020 yildan boshlab ushbu jarayonda faol ishlashni boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha Pokiston va Tailand bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagandi. 19 dekabr kuni O‘zbekiston va AQSH O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish jarayoni doirasida ikki tomonlama bozorlarga kirish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash protokolini imzoladi. Hujjatni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va AQSH savdo vakili Ketrin Tay imzolagan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Saida Mirziyoeva JST Jahon savdo tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing