Saida Mirziyoyeva Orol dengizini ekologik yechimlar maydoniga aylantirishga chaqirdi (video)
Jamiyat
−
10:57 577 2 daqiqa
Orol dengizini shunchaki ekologik fojia ramzi bo‘lib qoldirmasdan, ekologik yechimlar uchun sinov maydoniga aylantirish kerak. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bugun, 24 sentyabr kuni BMT bosh qarorgohida bo‘lib o‘tayotgan tashkilot Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida so‘zlagan nutqida so‘z ochdi.
Saida Mirziyoyevaga ko‘ra, Markaziy Osiyoning butun dunyoga taklif qilishi mumkin bo‘lgan yana bir sabog‘i bor. Bu – Orol dengizi.
Qayd etilishicha, Orol dengizining qurib qolishi tabiiy ofat oqibati emas, balki o‘nlab yillar davomida qabul qilingan noto‘g‘ri qarorlar va tabiatga adolatsiz munosabat natijasidir. Yangi O‘zbekiston bu muammo ko‘lamini kamaytirish uchun qurigan dengiz tubida yashil hududlar yaratmoqda.
“Biz zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etmoqdamiz. 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz“, degan Prezident Administratsiyasi rahbari.
Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, Orol dengizi shunchaki ekologik fojia ramzi bo‘lib qolmasligi, balki ekologik yechimlar uchun sinov maydoniga aylanishi kerak.
“Biz Orol dengizining shunchaki ekologik fojia ramzi bo‘lib qolishini istamaymiz. U ekologik yechimlar uchun sinov maydoniga aylanishi kerak“, degan Prezident Administratsiyasi rahbari.
Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2027–2036 yillarni O‘rmonlashtirish va qayta o‘rmonlashtirish bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi deb e’lon qilgan. Prezident Administratsiyasi rahbari mazkur rezolyutsiyani amaliy natijalar bilan mustahkamlash vaqti kelganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Saida Mirziyoyeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasidagi mazkur nutqida O‘zbekiston kelgusi yilda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari O‘zbekiston uchun inson qadri, uning huquq va manfaatlari har qanday harbiy hamda iqtisodiy salohiyatdan ustun turishini aytgandi.
Live
Barchasi