“Bizga har bir davlatning ovozi eshitiladigan BMT kerak!” Saida Mirziyoyeva BMT minbarida nutq so‘zladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston kelgusi yilda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti 81-Bosh Assambleyasidagi nutqi davomida so‘z ochdi.

Bugun, 24 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahrida, Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh shtabida bo‘lib o‘tayotgan kengaytirilgan 81-Bosh Assambleyasida nutq so‘zladi. Unda Saida Mirziyoyeva bir qancha global va dolzarb masalalarga to‘xtaldi.

Xususan, Prezident Administratsiyasi rahbari dunyo hamjamiyatiga kuchli va har bir mamlakatning ovozini eshitadigan tashkilot kerakligini bildirdi. 

“Bizga faqat qaror qabul qiladigan emas, qarorlarni amalga oshirishga qodir BMT kerak. Bizga har bir davlatning ovozi eshitiladigan BMT kerak”, deya qayd etdi Saida Mirziyoyeva.

Prezident Administratsiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston BMT bosh kotibining tashkilotni zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan BMT-80 tashabbusi doirasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, Saida Mirziyoyeva tashkilotning xavfsizlik masalasi bo‘yicha tuzilmasini kengaytirish taklifini ilgari surdi.

“Biz BMT Xavfsizlik kengashi tarkibini zamonaviy reallikdan kelib chiqib kengaytirish tarafdorimiz”, dedi Prezident Administratsiyasi rahbari.

Bundan tashqari, Saida Mirziyoyeva nutqida O‘zbekiston kelgusi yilda Qo‘shilmaslik harakatiga raislikni qabul qilinishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bu mas’uliyatni qarama-qarshiliklar kuchaygan bir paytda muloqot uchun yangi maydon yaratish imkoniyati deb biladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing