Saida Mirziyoyeva Moskvada Putinning odami bilan uchrashdi
Jamiyat
−
28 may 8872 1 daqiqa
Bugun, 28 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya tomonining taklifiga binoan Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Anton Vayno bilan uchrashdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
Bildirilishicha, yuqori sur’atda rivojlanib borayotgan va aniq natijalar berayotgan O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilingan.

“Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Kelishuvlar ijrosini monitoring qilish bo‘yicha yaratilayotgan mexanizm davlatlarimiz rahbarlari tomonidan qo‘yilgan vazifalarni hal etish borasida Prezident Administratsiyalari o‘rtasida hamkorlikning samarali vositasiga aylanishiga ishonch bildirildi”, deb yozadi Mirziyoyeva.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, innovatsion loyihalar va mintaqalararo aloqalar atroflicha muhokama qilingan. Gumanitar sohadagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va mehnat migratsiyasi masalalari yuzasidan fikr almashilgan.

“Tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha yaqindan muvofiqlashtirish va birgalikda ishlash muhimligi ta’kidlandi, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Toshkentda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashgandi. Uchrashuv Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi