Saida Mirziyoyeva Qozog‘istonda O‘rol Tansiqboyev retrospektiv ko‘rgazmasi ochilishida qatnashdi
Jamiyat
−
19 mart
3491Kecha, 18 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Qozog‘istonda o‘zbek tasviriy san’atining timsollaridan biriga aylangan rassom O‘rol Tansiqboyevning retrospektiv ko‘rgazmasi ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.
Qayd etilishicha, ko‘rgazma O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, A.Kasteyev nomidagi Davlat san’at muzeyi va O‘zbekiston muzeylari bilan hamkorlikda ochilgan.
“Ushbu noyob ko‘rgazmada musavvirning shakllanish evolyutsiyasini — ilk tajriba chizgilaridan to mukammal peyzaj asarlarigacha kuzatish imkonini beradi. Tansiqboyev ijodi Qozog‘iston bilan chambarchas bog‘liq. U bu yerda ko‘p ishlagan, Abilxon Kasteyev bilan do‘st bo‘lgan. Umid qilamanki, ushbu ko‘rgazma madaniy aloqalarimizni yanada mustahkamlaydi”, deydi Mirziyoyeva.
Shuningdek, Saida Mirziyoyevaga O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova, Qozog‘iston Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva hamrohlik qilgan.
Ma’lumot uchun, O‘rol Tansiqboyev mashhur sovet, o‘zbek va qozoq rassomi hisoblanadi. U O‘zbekiston tasviriy san’atining asoschilaridan biri bo‘lib, SSSR xalq rassomi (1963) unvoniga sazovor bo‘lgan.
Ijodi va faoliyati davomida u 1923–1927 yillarda Toshkent san’at muzeyi qoshidagi studiyada Nikolay Rozanovdan ta’lim olgan. 1928–1929 yillarda Penza san’at bilim yurtida Ivan Goryushkin-Sorokopudovdan tahsil olgan. 1929 yildan boshlab turli ko‘rgazmalarda ishtirok eta boshlagan. Uning asarlari O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va Qozog‘iston tabiati va odamlariga bag‘ishlangan.
U 1938 yilda birinchi qozoq baleti “Qalqaman va Mamir” (Qozog‘iston Davlat opera va balet teatri, Olmaota) sahna bezaklarini yaratgan. 1952–1954 yillarda Moskvadagi VDNX ko‘rgazmasida O‘zbekiston pavilonining devoriy panolarini chizgan. Manzara va monumental tasviriy san’at janrida mashhur kartinalar muallifi.
Tansiqboyev o‘zbek san’atining rivojiga katta hissa qo‘shgan va uning ijodi bugungi kunda ham qadrlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 17 mart kuni Abay nomidagi Qozog‘iston milliy opera va balet teatrida “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” balet spektakli namoyish etilgandi. Ushbu spektakl namoyishida Qozog‘istonga tashrif buyurgan Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etgan. Kecha, 18 mart kuni Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston Respublikasi Davlat maslahatchisi Yerlan Karin bilan uchrashdi.
LiveBarchasi