Saida Mirziyoyeva e’lon qilgan aksiya ish boshladi. Ilk kundan natija bor
Jamiyat
−
29 dekabr 2020
9086Avvalroq, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva respublikadagi barcha maktab-internatlaridagi ko‘zi ojiz va ko‘rish qobiliyati past o‘quvchilari uchun aksiya e’lon qilgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 29 dekabrdan boshlab “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi doirasidagi aksiya amalda ish boshladi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“Ushbu jarayon bilan tanishish maqsadida biz Nukusga keldik. Respublika oftalmologiya shifoxonasiga bordik. Bu yerda tibbiy ko‘rik uchun ko‘chma laboratoriya qanday ishlayotgani, operatsion va boshqa xonalarning jihozlanganligi, telemeditsina imkoniyatlari bilan tanishdik”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Ta’kidlanishicha, bugunning o‘zida 14 nafar bola ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan 6 nafarining ko‘z nurini yaxshilash mumkinligi aniqlandi. Bir nafar bola operatsiya qilindi va ko‘rish qobiliyati 20 foizga tiklandi.
“In shaa Alloh ushbu loyiha doirasida 3 ming nafardan ortiq bola orasidan tuzalish imkoni bo‘lgan har bir bolaga jiddiy qaraymiz va ularning tuzalishi uchun bor imkoniyatni ishga solamiz”, degan Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, “Ko‘ngil ko‘zi” xayriya aksiyasi 2019 yilning mart oyida o‘z faoliyatini boshlagan. U ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar ta’limi, ularning ma’naviy va ruhiy rivojlanishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, kelgusi hayotga va jamiyatga moslashishi uchun yo‘naltirilgan.
LiveBarchasi