Saida Mirziyoyeva baronessa Rotshild bilan uchrashdi
Jamiyat
−
15 Oktabr 6362 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Londonda “Rothschild & Co” kompaniyasi kuzatuv kengashi a’zosi baronessa Ariel Malard de Rotshild bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.
“Baronessa Ariel Malard de Rotshildga uchrashuv va qiziqarli ekskursiya uchun minnatdorlik bildiraman.
Bugungi O‘zbekiston – islohotlarning aniq strategiyasi va kuchli iqtisodiy bazasiga ega, jadal rivojlanayotgan mamlakatdir. “Rothschild & Co” kompaniyasi ushbu yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etayotganidan mamnunman hamda o‘zaro manfaatli hamkorlik yanada rivojlanishiga umid qilaman”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Saida Mirziyoyeva e’lon qilgan rasmlardan ushbu uchrashuvda unga o‘g‘li Miromon Tursunov, shartnoma asosidagi konsultanti va Inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi rahbari Nozimaxon Davletova, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ravshan Usmonov va Fathulla Nigmanov hamrohlik qilganini ko‘rish mumkin.

Ma’lumot uchun, “Rothschild & Co” Rotshildlar oilasining fransuz va ingliz filiallari tomonidan nazorat qilinadigan moliyaviy kompaniya hisolanadi. U Rothschild bank guruhining flagmani bo‘lib, Rothscild Group'ni, jumladan N. M. Rothschild & Sons va Rothschild & Cie Banque'ni nazorat qiladi.
Baronessa Ariel Malard de Rotshild esa moliya sohasida gender xilma-xilligini rag‘batlantiradigan Financi’Elles tashkilotining asoschilaridan biri hisoblanadi. U 2006 yilda beri “Rothschild & Co” kompaniyasida boshqaruvchi direktor lavozimini egallagan, 2014 yildan esa “Rothschild & Co” kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi. Baronessa 2007 yildan 2018 yilgacha CARE France prezidenti bo‘lgan, hozirda CARE International kuzatuv kengashiga a’zo. U xalqaro iqtisodiyot yo‘nalishida PhD (doktorlik) darajasiga ega. Baronessa joriy yil boshida O‘zbekistonga kelgan.

Eslatib o‘tamiz, Saida Mirziyoyeva 9 oktyabr kuni Bryusselda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Kaya Kallas bilan uchrashgan edi. Qolaversa, Mirziyoyeva Bryusselda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Yevropa komissari Yozef Sikela bilan ham uchrashdi. U 13 oktyabr kuni Londonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Odil-Reno Basso bilan uchrashdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr