Saida Mirziyoyeva Allamjonovning “tanka”simi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Saida Mirziyoyeva Komil Allamjonov uchun qalqonmi? Ushbu savolga Allamjonovning o‘zi “Allamjonov aybdor” nomli kitobi xususida BBC’dagi intervyusida javob bergan. 

“Albatta. Saida Mirziyoyevaning bizga, matbuotchilarga, shu yo‘nalishga kelishi, bu Prezidentimizning matbuotga va jurnalistlarga bo‘lgan e’tiborining belgisi, deb hisoblayman. Saida Mirziyoyeva bilan biz tandemdagina bugungi yutuqlarimizga erisha oldik. Matbuotni to‘rtinchi hokimiyat darajasiga olib kelishga harakat qildik. Vazirlik va idoralarda Matbuot xizmatlarining joriy qilinishi, matbuotning umuman himoyalanishi, matbuotning muammolarini zudlik bilan rahbariyatga yetkazishda va uning hal qilinishida ularning roli katta”, deydi Komil Allamjonov. 

“Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva “Zakovat” intellektual klubi faoliyatiga bosh-qosh bo‘lish orqali yoshlar orasida o‘z tarafdorlari qatlamini shakllantirmoqchi”. Allamjonov bu fikrlarga ham javob bergan.

“Intellektual yoshlar Komil Allamjonov yoki Saida Mirziyoyeva uchun “Zakovat”ga to‘planmaydi. Ularni birlashtiruvchi kuch – bu ilmga bo‘lgan intilish. Biz har bir shunday harakatdan siyosiy maqsadlarni ko‘zlayversak, unda ertaga bozorga chiqib, pista sotsak ham bunda ham siyosiy maqsad ko‘rish mumkin. Men bunday fikrlardan qochgan bo‘lardim. Bizning asosiy maqsadimiz – ilmga tashna bo‘lgan yoshlarni birlashtirish. Ularning yuzaga chiqishini ta’minlash. Ilmni trendga chiqarish. 

“Zakovat” yangi loyiha emas. U 20 yildan buyon bor. “Milliy” telekanalimizda bu ko‘rsatuv efirga ketayotgan bo‘lgan va ko‘rsatuvning reytinglari pasayib ketgani uchun uni efirdan olishdi. Efirdan olinganda, “Zakovat” klubining ta’sischilari menga murojaat qilib, ko‘rsatuvni efirga qaytarish taklifi bilan chiqishdi. Avvallari “Zakovat”da 15-20 kishi shu ko‘rsatuv bilan shug‘ullanadi desam, Toshkent shahrining o‘zida har hafta minglab yoshlar turli kafelarda to‘planib, shu o‘yinni o‘ynashar ekan. Viloyatlarda ham xuddi shunday. Qarasam, rus ligasi ham bor ekan. Unda ham 2 mingga yaqin odam doimiy ravishda ko‘rishib, o‘ynab turisharkan. Lekin ularni birlashtiradigan, doimiy ravishda qiziqtiradigan homiy yo‘q. Shundan keyin agar bu potensiali katta loyiha bo‘lsa, ilmga tashna yoshlarimiz shuncha bo‘lsa, ularni yuzaga chiqaraylik, sonini oshiraylik, yoshlarda ilmga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiraylik, deb shu ishga qo‘l urganmiz. Bu yerda tarafdorlarimizni shakllantirish yoki boshqa maqsadlar yo‘q”, deydi Allamjonov. 

Ma’lumot o‘rnida, Komil Allamjonov 1984 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2005-2013 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari, 2017 yildan 2018 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibi – Prezident Administratsiyasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. 2018 yilning 28 noyabr kuni sobiq Matbuot va axborot agentligi, hozirgi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimiga tayinlangan. 2020 yilning 29 yanvar kuni Allamjonov lavozimidan o‘z xohishi bilan ketganini e’lon qilgan.

Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva esa 2019 yilning aprel oyida AOKAda Komil Allamjonovning o‘rinbosari lavozimida ish boshladi. U agentlikda O‘zbekiston Respublikasining chet ellarda ijobiy imijini shakllantirish – PR-markaz vazifasi ijrosi, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalar uchun mas’ul edi. Mirziyoyeva ham 2020 yilning 29 yanvar kuni AOKAni o‘z xohishiga ko‘ra tark etgan. 

Iste’fodan ikki kun o‘tib, Allamjonov va Saida Mirziyoyeva Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi hamda o‘rinbosari lavozimlarini egallagani ma’lum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

856

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing