Saida Mirziyoyeva AQSH Davlat kotibining yordamchisi bilan uchrashdi
Jamiyat
−
09 iyun 3594 2 daqiqa
Bugun, 9 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva AQSH Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosi rahbari vazifasini bajaruvchi – AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Erik Meyer bilan uchrashdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“Bugun AQSH Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha byurosi rahbari vazifasini bajaruvchi – AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Erik Meyer bilan mazmunli va samimiy uchrashuv o‘tkazdik. Unda ikki tomonlama hamkorligimizning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qildik”, deya yozadi Saida Mirziyoyeva.
Mirziyoyevaning qo‘shimcha qilishicha, uchrashuv davomida ta’lim va madaniyat sohasidagi almashinuvlarga, jumladan, Amerika universitetlari bilan hamkorlikni kengaytirish rejalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Qolaversa, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalari ham muhokama qilingan.
“Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar – tadbirkor ayollar uchun dasturlar, moliyaviy resurslarni taqdim etishda shaffoflikni ta’minlash yo‘lidagi qadamlar haqida so‘z yuritdik”, deya yozgan Mirziyoyeva.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva Amerikalik hamkorlarga doimiy qo‘llab-quvvatlash va ochiq muloqot uchun minnatdorlik bildirgan.
“Ishonamizki, oldinda birgalikda erishiladigan natijalar hali ko‘p”, degan Prezident yordamchisi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston delegatsiyasining Moskvaga tashrifi yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr