Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda odamlar o‘z tanqidiy fikrlarini qo‘rqmay aytishi haqida gapirdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda odamlar davlat boshqaruvini qadrlaydi va o‘z tanqidiy fikrlarini qo‘rqmay ayta oladi. Bu haqda mamlakat Prezidentining to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva “Markaziy Osiyoda ommaviy axborot vositalarining ijtimoiy ahamiyatini oshirish” mavzusida YeXHTning 23-Markaziy Osiyo OAV konferensiyasidagi nutqida so‘z ochdi, deya voqea joyidan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar qilmoqda. 

“Biz so‘z erkinligi tufayli mamlakat qanday o‘zgarayotganini ko‘ryapmiz. Asosiy yutuqlardan biri — fuqarolarning mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotida ishtiroki. Odamlar davlat boshqaruvni qadrlashadi va o‘z tanqidiy fikrlarini qo‘rqmasdan aytadi. Barqaror fuqarolik jamiyati shakllanmoqda. 

Bugun muhokama qilinayotgan mavzu muhim va o‘z vaqtida amalga oshirilyapti. O‘zbekistonning bunday konferensiyalarda qatnashishining o‘zi so‘z erkinligi shakllanishining birinchi bosqichidan — senzura va o‘z-o‘zini senzura qilishdan voz kechganligimizni yaqqol ko‘rsatib turibdi”, deydi Saida Mirziyoyeva. 

Saida Mirziyoyeva nutqida davom etarkan, bugun butun dunyoda ommaviy axborot vositalarida uchrayotgan muammolar O‘zbekistonga ham begona emasligini urg‘uladi. 

“Men bilaman, hozir jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan narsa, bu bizning ham muammoimiz — nafratli so‘zlar, odamlarning bir-biridan ajralishi, feyklar, zo‘ravonlikni targ‘ib qilish, dezinformatsiya. Albatta, biz bu muammolarni birgalikda hal qilish uchun bor kuchimizni sarflashimiz kerak. Bu xolis va zamonaviy yechimlarni talab qiladigan yangi vazifadir. 

Biz buni bilib ulgurganmiz, postlarni taqiqlash, ijtimoiy tarmoqlarni bloklash, nutqni tartibga solish, qonunlarni keskinlashtirish orqali ijobiy natijalarga erishish mumkin emas. Bularning barchasi teskari ta’sir ko‘rsatadi va vaziyatni yanada kuchaytiradi. 

O‘ylaymanki, ovozlar qancha ko‘p bo‘lsa, ishonchlilik uchun har qanday ma’lumotni tekshirish imkoniyati shuncha ko‘p bo‘ladi. Biz odamlarga manipulyatsiyaga qarshi immunitetni singdirishimiz kerak. Axborot bozorida raqobatlashish oson emas — haqiqat har doim jarangdor sarlavhalarni yo‘qqa chiqaradi”, deydi Saida Mirziyoyeva. 

U, shuningdek, haqiqat va yolg‘on o‘rtasidagi axborot qarama-qarshiligida jurnalist va blogerlar jamiyati hamjihatligi katta rol o‘ynashini ham aytgan. 

Ma’lumot o‘rnida, gibrid formatda o‘tkazilayotgan konferensiyada YeXHTning OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Tereza Ribeyru, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov hamda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari bo‘yicha koordinatori, loyihaviy faoliyat bo‘yicha bosh mutaxassis Xans-Ulrix Im ishtirok etmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

104

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing