Sadir Japarov qirg‘izistonliklarni qarzdan xavotir olmaslikka chaqirdi
Olam
−
04 noyabr 2023
10016Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakat tashqi qarzini to‘lash bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi. U Facebook’dagi sahifasida o‘z fikrini bildirdi.
Davlat rahbari mustaqillikka erishgandan to 2020 yilgacha mamlakatning davlat qarzi qariyb 5 milliard dollarni tashkil etganini ta’kidladi.
“Ushbu qarzning foizlari bilan to‘liq to‘lanishi mening va jamoamning faoliyat yuritish muddatiga to‘g‘ri keladi. Byudjet taqchilligi, pandemiya va postpandemiya inqirozi, shuningdek, dunyodagi mavjud inqirozlarga qaramay, biz har doim o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirdik”, deb yozdi u.
Uning bildirishicha, respublikada tinchlik va barqarorlik hukm surar ekan, to‘lovni davom ettirishga to‘liq imkon bor.
U bunday imkoniyatlarni, jumladan, 2020 yilga nisbatan byudjetning uch barobarga oshishini tushuntirgan. Shuningdek, u bugungi kunda korrupsiya 90 foizga yo‘q qilinganini aytgan. Shu tufayli byudjet ham oshadi.
“Esingizda bo‘lsa, 2019 yilda xalqimiz tashqi qarzimizni qanday to‘laymiz, to‘lamasak, yerlarimiz qolib ketadi, deb bosh qotira boshladi. Endi bunday muammo yo‘q. Aksincha, ish haqi, pensiya va nafaqalarni oshirib, ayni paytda tashqi qarzni to‘layapmiz. Biz armiyamizni kuchaytirmoqdamiz.
Birgina so‘nggi ikki yil ichida qariyb 2 milliard dollarlik zamonaviy texnologiya namunalarini xarid qildik. Yo‘llar, maktablar, bolalar bog‘chalari, temiryo‘llar, yirik GESlar, aeroportlar qurilmoqda. Biz ichki reyslar uchun to‘rtta samolyot sotib olmoqdamiz. 1 mingta avtobus sotib oldik”, deydi Prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi qarzni to‘lash cho‘qqisi 2024 yilga yaqinlashmoqda.
“Eng muhimi, tashqi qarzni o‘z kuchimiz, ya’ni byudjet mablag‘lari hisobidan qoplaymiz. Ilgari uning bir qismini yana kredit yoki grant olib qoplagan edik. Hozirgi tashqi qarzimizni qoplash uchun ketadigan mablag‘ g‘aznamizda qolsa, yanada ko‘proq ishlar qilingan bo‘lardi” deya xulosa qildi Sadir Japarov.
LiveBarchasi