Sadir Japarov bashoratchilik qobiliyatiga egaligini aytdi
Olam
−
02 Sentabr 2023 21766 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov kelajakni oldindan ko‘ra bilish qobiliyatiga ega ekanligini aytdi. Bu haqda mamlakat rahbari “Kabar”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari Cho‘lpon-Otadagi “Oqilman” prezident litseyi ochilishi chog‘ida kutilmagan bayonot bilan chiqqan. Unga ko‘ra, mazkur ta’lim muassasasini tashkil etish kelgusi 100 yillikda ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun qo‘yilayotgan ilk qadamlardan biri hisoblanadi.
“Biz poydevordan tayyorgarlik ko‘rishimiz zarur, shundan keyingina Qirg‘izistonning bir asrlik kelajagini bashorat qila oladigan, uning kelajagini belgilay oladigan kadrlarni tayyorlay olamiz. Bu mamlakatimiz kelajagi uchun juda muhim”, deydi davlat yetakchisi.
Shuningdek, Japarov shu kunga qadar amalga oshirib kelayotgan islohotlari avvaldan rejalashtirib qo‘yilgani, bularning barchasi uning bashoratchilik qobiliyati borligidan dalolat ekanini aytgan.
“Maqtanyapti demangu, men kelajakni oldindan ko‘ra olaman. Hatto kelgusi 20-30 yil davomida Qirg‘izistonda nimalar yuz berishi, mamlakat qaysi yo‘ldan borishi kerakligini bashorat qilganman. Bu xislat menga yuqoridan berilgan bo‘lsa kerak”, deydi Japarov.
Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, har bir kishi buni uddalay oladi, ya’ni hozir sodir bo‘layotgan vaziyatni ko‘rib, kelajakni bashorat qilish mumkin.
Aytish joiz, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov faol siyosat yuritish bilan bir qatorda sport bilan ham professional tarzda shug‘ullanib turadi. Xususan, joriy yilning 30 avgust kuni u Server Jeparov, Azamat Abduraimov, Baxtiyor Ashurmatov, Leonid Koshelev kabi faxriy futbolchilar bilan bir jamoada “Barselona” afsonalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan edi.
Live
Barchasi