“Sabriya” seriali ortidan “Sevimli” telekanali direktori va bosh muharriri ishdan olindi
Madaniyat-san’at
−
20 yanvar 2022
35424“Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan “Sabriya” serialiga nisbatan tanqidlar ortidan Bosh direktor vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda telekanalning Instagram’dagi sahifasida xabar berildi.
Qayd etilishicha, telekanalda “Sabriya” seriali bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rildi
Bugun, 20 yanvar kuni “Sevimli” telekanali ta’sischilarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishga Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov taklif qilingan.
Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilgan. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylangan.
Ta’sischilarning qarori bilan Bosh direktor vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev o‘z vazifasidan ozod etilgan.
Yig‘ilishda shu paytga qadar O‘zEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlangan.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan, Firdavs Abduxoliqov kanal efiriga uzatilgan “Sabriya” serialini badiiy saviyasini tanqid ostiga olib, “biz telekanal muxlislari va jamoatchilikdan uzr so‘raymiz va kelgusida yangi tayinlangan bosh direktor, nafaqat seriallar, qolaversa, barcha media mahsulotlarning g‘oyaviy-badiiy jihatlariga mas’ul ekanligini uqtirgan holda, barcha chora-tadbirlarni ishlab chiqishi zarur”,deb ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganmanini bildirdi.
Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng, mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ham izoh berdi. Unga ko‘ra, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz.
LiveBarchasi