“Sahrodagi mo‘’jiza” to‘liq qurib bitkazildi

Jamiyat

image

Joriy yilning 17 oktyabr kuni Buxoro viloyatidagi Qandim gazni qayta ishlash majmuasida gazni qayta ishlovchi zavod to‘liq qurib bitkazilgani va tegishli infrastruktura yaratilishi munosabati bilan Davlat qabul komissiyasining hujjatni imzolash marosimi o‘tkazildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

“LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani» MCHJ tomonidan Davlat qabul komissiyasiga har birining tabiiy gazni yillik qayta ishlash quvvati 4,05 mlrd m3 ga teng bo‘lgan ikkita texnologik tizimdan iborat gazni qayta ishlash zavodi, ma’muriy bino, ta’mirlash hududlari va zavod qoshidagi boshqa ob’ektlar, 1150 kishiga mo‘ljallangan alohida turar joy majmuasi, umumiy uzunligi 220 kilometr bo‘lgan yig‘uv tizimi inshootlari, 71 ta quduq, 285 kilometr avtomobil yo‘li, uzunligi 70 kilometrga teng eksport quvuri, 55 kilometr uzunlikdagi suv ta’minoti, 268 kilometr uzunlikdagi elektr ta’minoti tizimlari (VL-220, VL-35, VL-10)dan iborat «Qandim konlar guruhida gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi va ishga tushirilishi» investitsiya loyihasi to‘liq qurib bitkazilib, taqdim etildi. 

Davlat qabul komissiyasi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Energetika, Bandlik va mehnat munosabatlari, Favqulodda vaziyatlar, Qurilish vazirliklari, “O‘zbekneftgaz” AJ, Davlat energetika nazorati, Sanoat xavfsizligi bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “O‘zdavneftgazinspeksiya”, Yong‘in xavfsizligi Bosh boshqarmasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, kasaba uyushmalari tashkilotlari, Buxoro viloyat hokimligi va boshqa davlat tashkilotlari vakillarining jami bo‘lib 30 nafarga yaqin vakili kiritilgan.

Ma’lumot uchun: 2018 yil 19 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Rossiya Federatsiyasi Energetika vaziri A.Novak va “LUKOYL” PAO prezidenti V.Alekperov ishtirokida Qandim gazni qayta ishlash majmuasining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “sahrodagi mo‘’jiza” deya yuqori baholangan, zamonaviy muhandislik va transport infratuzilmasidan iborat va umumiy investitsiyasi 3,5 mlrd. dollarga teng Qandim gazni qayta ishlash majmuasi rekord darajadagi qisqa muddatda qurildi va loyiha muddatidan 8 oy avval foydalanishga topshirildi. Zavodning quvvati 8 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlashga mo‘ljallangan. Majmua gazni vodorod sulfiddan tozalashga va tovar gaz, barqaror gaz kondensati ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Mazkur yirik ko‘lamdagi gazni qayta ishlash majmuasining qurilishi, loyihalash va texnologik uskunalarning yetkazib berilishi “HyundaiEngineeringCo.,Ltd” va “EnterEngineering PTE. Ltd” kompaniyalaridan iborat konsorsium tomonidan amalga oshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Qandim

Baholaganlar

66

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing