S5+1: Oq uy Markaziy Osiyo yetakchilari bilan sammitga tayyorlanmoqda
Tahlil
−
05 noyabr 5961 6 daqiqa
Ertaga, 6 noyabr kuni AQSH poytaxti Vashingtondagi Prezident qarorgohi Oq uyda S5+1 formatidagi Markaziy Osiyo-Amerika Qo‘shma Shtatlari sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda mintaqa davlatlari rahbarlari va AQSH Prezidenti Donald Tramp ishtirok etadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev allaqachon Vashingtonga yetib borgan.
Nega birdan Vashington bu sammitga mezbonlik qilayotgani qiziq. Voqealar ketma-ketligini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, AQSH Kongressi a’zolari Sidni Kamlager-Dav va Bill Xyoyzenga Prezident Donald Trampga diplomatik forumning 10 yilligi munosabati bilan Vashingtonda S5+1 sammitini o‘tkazishga chaqirgan maktub yo‘llashdi. Tramp ularning taklifini ma’qulladi chog‘i Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau bilan birga O‘zbekiston va Qozog‘istonga yubordi. Ular mamlakatlar rahbariyati bilan ko‘rishib, rejalarni kelishib oldi. Shunday qilib ertaga Oq uyda tarixiy sammit bo‘lishi kutilmoqda.
S5+1 tarixi
AQSH uchun S5+1’ning ahamiyati Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoy ta’sirini cheklash orqali, o‘z manfaatlarini amalga oshirish bo‘lsa, Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy va global muammolarni dunyoning eng yirik iqtisodiga ega davlat bilan birgalikda hal etish, o‘zaro integratsiyalashuv va iliq munosabatlar orqali qo‘llovga erishishdir. Shu ma’noda ushbu sammit har ikki tomon uchun birdek muhim.

Ushbu g‘oyaning vujudga kelishi 2015 yilga borib taqaladi. O‘sha yili 26 sentyabrda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambliyasining 70-sessiyasida AQSHning o‘sha vaqtdagi davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashadi. Uning siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik masalalarida muntazam muloqot yaratish taklifi tomonlar tarafidan maqullanib, S5+1 dasturi shakllanadi.
Dastlabki sammit 2015 yilning o‘zida, 1 noyabr sanasida O‘zbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Muvaffaqiyatli o‘tgan ushbu uchrashuvda olti davlat savdo, transport va energetika sohalarida hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida deklaratsiya e’lon qildi. Aynan shu voqeadan keyin S5+1 har yili o‘tkaziladigan bo‘ldi.
2016 yil 3 avgust kuni Vashingtonda o‘tkazilgan ikkinchi sammit davlatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlarning o‘rnatilganining 25 yilligi nishonlandi. Sammit yakunida AQSH va Markaziy Osiyoning beshta davlati AQSH bilan o‘n besh million dollargacha moliyaviy ko‘mak ko‘rsatuvchi beshta tegishli loyihani ishga tushirdi. Shu asnoda keyingi yillarda ham bu an’ana davom etdi, hatto 2017, 2019, 2020, 2021 yillarda diplomatik muloqotlar yiliga ikki martadan tashkil etildi.

Pandemiya davrida ham tomonlar o‘rtasidagi aloqalar uzilib qolgani yo‘q. 2020 yil 3 fevralda Toshkentda bo‘lib o‘tgan sammitda AQSHning 70-bosh kotibi Mayk Pompeo va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni, chegaralar xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiy va energetika aloqalarini yaxshilash bo‘yicha mintaqaviy sa’y-harakatlarni muhokama qilgan bo‘lsa, shu yilning o‘zida tashkillashtirilgan ikkinchi sammit 30 iyun kuni COVID-19 pandemiyasi tufayli videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar pandemiyaning iqtisodiy ta’siri haqida, mustahkam aloqalarni saqlab qolishga kelishib oldi.
2023 yil 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan S5+1 sammiti alohida tarixiy ahamiyatga ega, negaki ushbu yig‘ilish ilk bora Prezidentlar darajasida o‘tkazilgan edi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhamedov va AQSHning o‘sha paytdagi yetakchisi Jo Bayden ishtirok etgan edi. Unda AQSH-Markaziy Osiyo strategik sherikligini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy imkoniyatlar sohasidagi hamkorlik, ularning siyosiy muloqotini kengaytirish, AQSH sarmoyasi, Yashil rivojlanish, mintaqaviy xavfsizlik, transchegaraviy jinoyatchilik va gumanitar mavzular muhokama qilingan edi.

Ammo bir narsani ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu sammitlardan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyoga yordam berish emas, uning hududida “anti Amerika” kuchlarining ta’sirini cheklash va AQSH manfaatlariga og‘adigan kelishuvlarga erishish edi. Shu tufayli ba’zi uchrashuvlarda yo‘lga qo‘yilgan loyihalar qog‘ozda qolib ketar, kiritilishi kerak bo‘lgan investitsiyalar turli sabablar tufayli to‘xtab qolar edi.
S5+ Dunyo
Markaziy Osiyo mintaqasi, geografik jihatdan quruqlikning yuragi sifatida, har doim dunyo siyosatining markaziy e’tiborida bo‘lgan. Bu hudud tabiiy resurslarga boy, tranzit yo‘llarini birlashtiruvchi nuqta sifatida bugungi kunda ham global strategik o‘yinda muhim rol o‘ynaydi. Shu sabab ham bu yerda ta’sirga ega bo‘lish barcha qudratli davlatlar uchun muhim. Aynan shu masalada davlatlar “S5+” formatidan samarali foydalanib kelmoqda.

2023 yil 8 may kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xua Chunin Kommunistik Xalq Partiyasi Bosh kotibi Si Szinpin 18 va 19 may kunlari Shensi provinsiyasi Sian shahrida “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitiga mezbonlik qilishini ma’lum qildi. Uchrashuvda Markaziy Osiyo mintaqasi davlat yetakchilari taklif qilindi. 2023 yil 19 may kuni ertalab olti tomon muzokaralar o‘tkazdi, unda Xitoy Markaiy Osiyo mamlakatlariga jami 26 milliard yuan miqdorida moliyaviy ko‘mak va beg‘araz yordam ko‘rsatishi, savdoni osonlashtirish bo‘yicha ko‘proq tashabbuslarni joriy etish va ikki tomonlama sarmoyaviy kelishuvlarni yangilash hamda Xitoy-Markaziy Osiyo gaz quvurining D-liniyasi qurilishini jadallashtirishi e’lon qilindi. Sammitda hamkorlik bo‘yicha 54 ta asosiy konsensus va tashabbuslarga erishildi, jumladan, ular orasida 19 ta ko‘p tomonlama hamkorlik platformalarini tashkil etish va to‘qqizta ko‘p tomonlama hamkorlik hujjatlarini tuzish bor edi.
Muvaffaqiyatli o‘tgan birinchi sammitdan so‘ng davlat rahbarlari ushbu diplomatik forumni ikki yilda bir marta an’anaviy tarzda o‘tkazishga kelishib olgan edi. Kelishuvga muvofiq 2025 yilda 16-18 iyun kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Xitoy-Markaziy Osiyo sammmiti bo‘lib o‘tgani ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak.

Markaziy Osiyodagi manfaatlarini yo‘qotishni istamagan Rossiya hukumati ham “S5+” formatida sammitlar tashkil etishni istab qoldi. Dastlabki sammit 2022 yil 14 oktyabrda Ostonada uyushtirildi. Moskva tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvda geosiyosiy vaziyatda umumiy savdo-iqtisodiy manfaatlarni ta’minlash, Afg‘onistondagi vaziyat kontekstida mintaqaviy xavfsizlik masalalari kabi masalalar muhokama qilingan. Xitoy va AQSHning bu hududda ta’siri oshishi, Putin hukumatini olib borayotgan siyosatini muloyimlashtirishga majbur qildi. Asta-sekin Rossiya buyruq beruvchi obrazidan, taklif kirituvchi hamkor pozitsiyasiga o‘tib bordi. Ayniqsa bu hol, joriy yilning 9 oktyabridaTojikiston poytaxti Dushanbeda o‘tgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” ikkinchi sammitida yaqqol namoyon bo‘ldi. Bundan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ham foydalanib, o‘z mamlakatlari manfaatlari yuzasidan kelishuvlarga erishdi.

Markaziy Osiyo mintaqasi nafaqat yuqoridagi uch yirik davlat balki Yevropa Ittifoqi (YeI)ning ham manfaatlari tutashadigan muhim hudud. Joriy yilning 4 aprelida Samarqand shahrida tashkil etilgan sammit bunga yaqqol misol. EI tomonidan Yevropa Kengashi Prezidenti Antonio Kosta va Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen hamda Markaziy Osiyo davlat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ilk sammitga O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev mezbonlik qildi. Xavfsizlik muammolari, iqtisodiy aloqalar, inson huquqlari, iqlim, energiya, savdo va investitsiyalar kun tartibidagi asosiy muhokama mavzulari bo‘ldi.
Yaponiya Markaziy Osiyo bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ygan ilk davlatlardan hisoblanadi.

Yaponiya-Markaziy Osiyo sammiti vazirlar darajasida 2004 yil 28 avgustda Qozog‘istonning Ostona shahrida Markaziy Osiyoning to‘rtta ishtirokchi hukumati va Yaponiya tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida rasman e’lon qilingan. Shundan keyin, 2005 yil 4 martda Toshkentda, 2006 yil 5 iyunda Tokyoda tomonlar o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Xulosa qilib aytganda, bu mintaqaning bugungi kunda “oshig‘i” ko‘p. Turfa kuch markazlari bu mintaqaning boy resurslari, katta bozorlari va transport chorrahalridan foydalanishga intilmoda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo ham bundan foydalanib kuchli hamkorlar, yirik eksportyorlar bilan aloqani mustahkamlab bormoqda.
Kelgusida AQSH bilan bo‘ladigan uchrashuvdan ham kutuvlar katta. Hanuz dunyoning eng kuchli iqtisodiyotiga ega bo‘lib turgan davlat bilan foydali kelishuvlarga erishish imkoniyati ham yuqori. Ayniqsa O‘zbekistonning oxirgi yillarda AQSH bilan aloqlarini yanada mustahkamlanib borayotganini inobatga olsak, mamlakatning jahon siyosiy maydonidagi keyingi harakatlariga Vashington tomonidan qo‘llovning bo‘lishi ayni muddao bo‘ladi.
Live
Barchasi