BAA AQSH va Isroil bilan kelishib Eronga yashirincha zarba berdi – WSJ

Olam

image

Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Eronga qarshi urushda ilgari xabar qilinganidan ko‘ra ancha faolroq ishtirok etgan. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, “The Wall Street Journal” (WSJ) xabar berdi.

Nashrning yozishicha, BAA AQSH va Isroil bilan muvofiqlashtirilgan holda Eron hududiga o‘nlab aviazarbalar yo‘llagan. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, hujumlar urushning dastlabki kunlaridanoq boshlangan va hatto aprel oyidagi sulh e’lon qilinganidan keyin ham davom etgan. Nishonlar orasida Hormuz bo‘g‘ozidagi Qeshm va Abu Muso orollari, Bandar-Abbos porti, Lavan orolidagi neftni qayta ishlash zavodi hamda Asaluye neft-kimyo majmuasi bo‘lgan.

Zarbalarning bir qismi Tehronning BAA neft-gaz ob’ektlariga uyushtirgan hujumlariga javoban Eronning energetika infratuzilmasiga berilgan. Asaluye majmuasiga Isroil bilan birgalikda berilgan zarba xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqidlarga sabab bo‘lgan. WSJ manbalariga ko‘ra, shundan so‘ng Vashington Isroildan energetika ob’ektlariga hujum qilishni to‘xtatishni so‘ragan.

Fors ko‘rfazi davlatlari o‘z hududlaridan Eronga zarba berish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymasliklari haqida bayonot berganiga qaramay, ba’zi mamlakatlar urush boshlanganidan keyin o‘z pozitsiyalarini o‘zgartirgan. Eron bunga javoban mintaqa davlatlarining shaharlari, aeroportlari va energetika infratuzilmasi ob’ektlariga raketa va dronlar bilan zarbalar berishni boshlagan. Gazeta manbalarining ta’kidlashicha, ushbu hujumlardan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakat aynan BAA bo‘lgan. Amirliklar yo‘nalishida 2800 dan ortiq raketa va dron uchirilgan – bu har qanday boshqa mamlakatga, jumladan, Isroilga qaratilganidan ham ko‘proqdir.

Amirliklarning mojarodagi faol ishtiroki Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi ichida kelishmovchiliklarga sabab bo‘ldi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Abu-Dabining xatti-harakatlaridan norozilik bildirgan va mintaqaviy neft infratuzilmasiga javob zarbalari berilishi hamda jahonda neft narxi ko‘tarilib ketishidan xavfsirab, AQSHdan BAAni Eronga boshqa zarba bermaslikka ko‘ndirishni so‘ragan.

Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon o‘rtasida ham keskinlik yuzaga kelgan. Amirliklar rahbarini Ar-Riyodning Eronga qarshi qo‘shma harbiy harakatlarda ishtirok etishdan bosh tortgani g‘azablantirgan. Shu bilan birga, avvalroq “Reuters” Saudiya Arabistoni ham Eronga yashirincha zarbalar bergani haqida xabar qilgandi.

Harbiy kampaniyadan tashqari, BAA Tehronning moliyaviy manfaatlariga qarshi ham choralar ko‘rgan. Mamlakatda Eron bilan bog‘liq maktab va klublar yopilgan, shuningdek, Eron fuqarolariga viza berish va ularning tranziti cheklangan.

Gazetaning qayd etishicha, urush BAA va Isroil o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlagan. Mojaro paytida Isroil Amirliklarni himoya qilish uchun u yerga “Temir gumbaz” (Iron Dome) havo hujumidan mudofaa tizimi batareyalarini va harbiy xizmatchilarini yuborgan. Bundan tashqari, Eronga qarshi harakatlarni muvofiqlashtirish uchun BAAga Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, “Mossad” razvedka xizmati rahbari, SHABAK xavfsizlik xizmati rahbari va Bosh shtab boshlig‘i yashirincha tashrif buyurgan.

Biroq so‘nggi paytlarda Abu-Dabi ehtiyotkorona pozitsiyani egallab, mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etish tarafdori sifatida chiqish qila boshlagan. WSJ manbalariga ko‘ra, BAA Prezidenti may oyi boshida AQSH Prezidenti Donald Trampni Eron bilan tinchlik shartnomasi tuzishga chaqirgan mintaqa yetakchilari qatorida bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron BAA Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing