AQSH Xitoyning harbiy qudratidan qo‘rqmoqda

Olam

image

Pentagon rahbari Pit Xegset Xitoyning harbiy qudrati ortayotganidan xavotir bildirib, ittifoqchilarni mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi. AQSH mudofaa vaziri bu haqda bugun, 30 may kuni Singapurda bo‘lib o‘tayotgan Shangri-La Dialogue xavfsizlik forumidagi nutqida gapirdi.

Uning ta’kidlashicha, Xitoyning harbiy qurollanishni kengaytirishi va mintaqadagi faolligini kuchaytirishi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Xegsetning fikricha, Tinch okeani mintaqasida biror davlatning ustunlik qilishi kuchlar muvozanatini izdan chiqaradi.

“Hech bir davlat, hatto Xitoy ham o‘z gegemonligini o‘rnatib, boshqa mamlakatlar xavfsizligi va farovonligini xavf ostiga qo‘ymasligi kerak”, degan u chiqish nutqida.

Pentagon rahbari AQSH Osiyodagi hamkorlari va ittifoqchilaridan mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning kamida 3,5 foiziga yetkazishni kutayotganini bildirgan. Yana uning bildirishicha, Vashington o‘z armiyasiga 1,5 trillion dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
Xegset AQSHning Yaponiya, Janubiy Koreya, Filippin, Avstraliya, Singapur, Malayziya va Tailand kabi hamkorlari mudofaa sohasida muhim hissa qo‘shayotganini ta’kidlagan. U, shuningdek, Yaponiya o‘z mudofaa imkoniyatlarini mustahkamlash bo‘yicha aniq qadamlar tashlayotganini qayd etgan.

Eron masalasiga to‘xtalgan Xegset, agar diplomatik muzokaralar natija bermasa, AQSH Eronga qarshi harbiy zarbalarni qayta boshlashga tayyor ekanini bildirgan. Biroq u Prezident Donald Tramp hozircha muzokaralar orqali “mustahkam kelishuv”ga erishish tarafdori ekanini ta’kidlagan.

Tayvanga qurol-yarog‘ sotish masalasida esa, Xegset bu boradagi qarorni shaxsan Tramp qabul qilishini ma’lum qilgan. Avvalroq, OAV AQSH Tayvanga qiymati 14 milliard dollargacha bo‘lgan yangi qurollar paketini tasdiqlashi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Xegset, shuningdek, AQSHning Yaqin Sharqdagi mojarolarga jalb etilishi Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga bo‘lgan e’tiborni susaytirmasligini ta’kidlab, AQSH bir vaqtning o‘zida ikki vazifani ham bajara olishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy 2025 yilning oxirida yashirin ravishda qariyb 200 nafar rossiyalik harbiyni o‘z hududida tayyorlagani ma’lum bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy Pentagon Pit Xegset

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing