C5+1 formatidagi sammit Xitoy bilan ham o‘tkaziladi
Olam
−
20 mart 2023
6948Joriy yilning may oyida Xitoyda Markaziy Osiyo davlatlari va XXRning birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda hamkorlikning ulkan rejasini muhokama qilinadi. Bu haqda XXR raisi Si Szinpinning Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga Navro‘z bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigida so‘z borgan.
“Joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tadigan “Xitoy-Markaziy Osiyo” birinchi sammitida ishtirok etish va Xitoyga davlat tashrifi bilan kelishingizdan mamnunman. Men siz bilan Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarni, shuningdek, Xitoy va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha ulkan rejani muhokama qilishni intiqlik bilan kutaman”, deyiladi Tojikiston Prezidenti saytida chop etilgan tabriknomada.
Shuningdek, Si Szinpin Xitoy-Tojikiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e’tibor berishini yozgan. U o‘tgan yilning sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ikki davlat rahbarlari qator muhim kelishuvlarga erishganini, bu esa Xitoy va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishning aniq yo‘nalishini ko‘rsatganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, 2022 yil yanvar oyida Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari XXR va Markaziy Osiyoning beshta davlati: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan virtual sammit o‘tkazilgan.
LiveBarchasi