SES Hindistonga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi
Jamiyat
−
02 Oktabr 2023
9562O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Hindistonga boruvchi o‘zbekistonliklarni Nipah virusi avj olayotganidan ogohlantirdi. Bu haqda qo‘mitaning Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Hindistonning Kerala shtatida Nipah virusi avj olayotgani haqidagi ma’lumotini taqdim etdi. Joriy yilning 22 sentyabr holatiga ko‘ra, Nipah infeksiyasi bo‘yicha oltita holat tasdiqlangan bo‘lib, ikkita o‘lim holati yuz bergan.
Nipah virusi – bosh miya yallig‘lanishi yoki nafas yo‘llari kasalliklari bilan kechadigan jiddiy kasallikni keltirib chiqaradigan virus turi hisoblanadi.
Hindistonga savdo-sotiq ishlari bo‘yicha boruvchi tadbirkorlar yoki sayohat uchun yo‘lga otlanlangan o‘zbekistonliklarga mazkur virusdan saqlanish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish eslatib o‘tilgan:
- shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish;
- mevalarni iste’mol qilishdan oldin yaxshilab yuvish;
- yangi siqilgan xurmo sharbatini qaynatib ichish;
- asosiysi ko‘rshapalaklar tirnashi yoki tishlashi natijasida teshilgan mevalarni iste’mol qilmaslik.
“Har qanday kasallikning oldini olishda belgilangan qoida va tavsiyalarga amal qilish muhimligini unutmang”, deyiladi xabarda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, virusdan o‘lim darajasi 40-75 foizni tashkil qiladi. Ushbu yuqori o‘lim ko‘rsatkichlari infeksiyaga qarshi vaksina yo‘qligi bilan bog‘liq. Hindistonlik mutaxassislar ham bu virusning xavfliligini ta’kidlab, iqlim inqirozi zoonoz kasalliklar soni ortishiga sabab bo‘layotgani, 50 yil ichida 15 000 turdagi viruslar tarqalish ehtimolidan ogohlantirmoqda
LiveBarchasi