Ro‘ziboyev Murodov va Mirzamatov bilan jang qiladimi?
Sport
−
26 iyul 2023 5855 2 daqiqa
UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev o‘zbekistonlik MMA ustalari Shohasan Mirzamatov va Mahmud Murodov bilan jang qilish ehtimoli yo‘qligini aytdi.
Unga ko‘ra, Shohasan Mirzamatov bilan jang katta ehtimol bilan tashkil etilmaydi va bu sportchining rejalariga ham kiritilmagan.
“Agar men va Shohasan UFC'da bitta vaznda bo‘lib, reytingda teng kelib qolgan taqdirda ham tashkilot bunga yo‘l qo‘ymasa kerak. Biroq vaziyat jiddiylashib, ikkalamiz ham kamarga da’vogar bo‘lsak, jang ehtimoli bor. Lekin bu shunchaki ehtimollar nazariyasi. Bu holatda baribir men yoki u jangni rad etadi, bu aniq”, deydi Ro‘ziboyev.
Shuningdek, u hozirda UFC'da o‘zi bilan bir vaznda jang olib borayotgan o‘zbekistonlik sportchi Mahmud Murodov bilan ham hech qanday jang tashkil etilmasligini ma’lum qildi.
“Menimcha jang bo‘lmaydi. Ammo yuqorida aytib o‘tganimdek, chempionlik kamari uchun tashkil etilsa, bilmadim. O‘zbekistonlik sifatida hech birimiz buni qabul qilmaymiz. Mahmud Murodov bilan munosabatlarimiz yaxshi va oddiy kamar uchun u bilan yaxshi-yomon bo‘lib qolishni xohlamayman”, deydi sportchi.
Ma’lumot uchun, Ro‘ziboyev bunga qadar 43 marta oktagonga ko‘tarilib, 35 ta jangida g‘alaba qozongan, 8 ta bahsda esa raqiblariga imkoniyatni boy bergan. Uning UFC'dagi natijasi 1-0 ko‘rinishida. Murodov esa faoliyati davomida 34 ta jangda ishtirok etib, ularning 26 tasida g‘alaba qozongan. Shuningdek, u UFC'da 6 ta jang o‘tkazib, 4 tasida g‘olib bo‘lgan.