Ro‘yxatdan o‘tmagan xorijliklarni joylashtirganlarga jazo kuchaytiriladi
Jamiyat
−
27 iyul 2770 2 daqiqa
O‘zbekistonda xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan joylashtirgan mehmonxonalar, xostellar, sanatoriylar va boshqa joylashtirish ob’ektlari uchun javobgarlik kuchaytirilishi mumkin. Mazkur mazmundagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yil 22 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisida muhakama qilindi.
Qonun loyihasi yuzasidan ma’ruza qilgan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Diyorbek Sattorovning aytishicha, 2026 yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 27 foizga oshib, 5,5 million nafarga yetgan. Bugungi kunda 80 dan ortiq davlat fuqarolari uchun vizasiz tartib amal qilmoqda, shuningdek, elektron viza tizimi ham joriy etilgan.
Shu bilan birga, ayrim mehmonxonalar, xostellar, sayyohlik bazalari, pansionatlar, kempinglar, sanatoriylar hamda davlat va xususiy davolash muassasalari xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni “E-mehmon” tizimi orqali vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazmasdan qabul qilayotgani qayd etilgan.
Ichki ishlar vazirligi bunday holatlar chet elliklarning amaldagi yashash joyini aniqlashni qiyinlashtirayotgani, shuningdek, ayrim sub’ektlarga soliqlardan bo‘yin tovlash va yashirin iqtisodiyot faoliyatini yuritish imkonini berayotganini ta’kidlagan.
Shu sababli qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 225-moddasiga joylashtirish ob’ektlari hamda davolash muassasalari mansabdor shaxslari uchun xorijliklarni ro‘yxatga olish qoidalarini buzganlik bo‘yicha alohida javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, bir yil davomida takror sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz fuqarolarni joylashtirishga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar uchun ham qat’iyroq jazo choralarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Mazkur toifadagi ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ichki ishlar organlariga berish rejalashtirilmoqda.
Qonun loyihasi bilan, shuningdek, amaldagi qonunchilikdagi atamalarni yagona tizimga keltirish maqsadida 24 ta qonunga texnik o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan. Xususan, “doimiy yashash joyi” va “vaqtinchalik yashash joyi” atamalari mos ravishda “yashash joyi” va “turgan joyi” tushunchalari bilan almashtiriladi.
Ma’lumot uchun, 2025 yil oktyabr oyidan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan. Unga muvofiq, “E-xabar berish” tizimi orqali doimiy yashovchi xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi joriy etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini qasddan mensimasdan buzib, yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘lgan shaxslarga nisbatan javobgarlik kuchaytirilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiSariosiyoda terroristik guruh ushlandi
08 avgust