Erdo‘g‘anni Saddam osilgan dor kutyaptimi?
Tahlil
−
30 iyul
19219Butun dunyo Parij Olimpiadasidagi sharmandali ochilish marosimini muhokama qilayotgan bir paytda Yaqin Sharqda yana yangi mojaro bo‘y ko‘rsatdi. Bu safargisi juda jiddiy. Isroil tomonidan bosib olingan Golan tepaliklariga raketa hujumi uyushtirilishi oqibatida Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida keng ko‘lamli to‘qnashuv kelib chiqish ehtimoli ortishi bilan birga mintaqada juda yirik eskalatsiya uchun og‘zaki qadamlar ham tashlandi. Gap Yaqin Sharqdagi Isroilga qarshi yagona ovozi baland lider va mintaqadagi tajovuzkor rejim o‘rtasidagi dahanaki jang haqida ketyapti.
Golanda nimalar sodir bo‘ldi?
27 iyul kuni Isroil okkupatsiyasi ostidagi Golan tepaliklariga uyushtirilgan raketa hujumida 12 kishi halok bo‘ldi va 30 kishi yaralandi. Yaqin Sharqda qandaydir mojaro paydo bo‘ladigan bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar va uning kislorod qopchasidan nafas oluvchi Isroil tomonidan darhol ayblanadigan Eron va uning qo‘llovi ostidagi guruhlar bu safar ham ayblov nishonidan o‘rin oldi. Isroil xavfsizlik kuchlari tepalikdagi Majdal Shams qishlog‘iga Livandan hujum sodir etildi degan xulosaga keldi. Mamlakatning harbiy voizi Daniel Xagari halok bo‘lganlar orasida bolalar ham borligini aytib va Livanning “Hizbulloh” guruhini shanba kungi hujumni sodir etganlikda aybladi. Bu shunchaki quruq ayblov bo‘lmasdan, uning o‘ziga xos tahdidi ham mavjud bo‘lib, Hagariy bu ish uchun “Hizbulloh” harakati jazolanishini ham aytib o‘tdi. Biroq “Hizbulloh” o‘z bayonotida o‘tgan haftaning shanba kunida sodir bo‘lgan ushbu hujum uchun javobgarlikni tezda rad etdi. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va Isroilning G‘azo hamda Falastin xalqiga nisbatan agressiyasiga qarshi turuvchi ushbu harakat o‘tgan yil oktyabr oyidan buyon Isroil-Livan chegarasiga yaqin hududlarda Isroil kuchlari bilan kurashib kelmoqda.
Yaqin Sharqdagi olov gradusi oshdi
O‘zi shundoq ham doimiy yong‘inlar ichida bo‘lgan Yaqin Sharqdagi jazirama harorat gradusi mazkur uchirilgan raketa tufayli yanada yuqoriladi. Ushbu voqeadan so‘ng AQSHda yallo qilib yurgan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu okean ortiga qilgan safarini muddatidan oldin yakunladi va Isroilga qaytdi. U, shuningdek, Isroildagi druzlar jamoasi rahbariga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish chog‘ida “Hizbulloh” hozirgacha to‘lamagan og‘ir narxni to‘lashini aytdi. Ammo mutaxassislar bu voqelik ikki tomon o‘rtasida keng ko‘lamli urushni keltirib chiqarish uchun kamlik qilishini aytmoqda. Siyosiy tahlilchi Ori Goldbergning aytishicha, hujum Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida “umumiy urushga” olib kelishi dargumon va Al-Jaziraga bergan xulosasida bu fikrini quyidagicha bayon qildi:
“Ikkala tomon ham keng qamrovli urushni xohlamaydi, bu juda aniq ma’lum bo‘ldi. Hujum Isroilning o‘rta qismida emas, balki uning chekkasida sodir bo‘ldi. Menimcha, bu bizni umumiy urushga olib borish uchun yetarli bo‘lmaydi”.
Mojaro o‘z yo‘liga, ammo raketa hujumi uyushtirilgan Golan tepaligi va Majdal Shams qishlog‘i qayerda va u hozir kimning nazorati ostida va aslida kimning yeri ekanligi esa alohida masaladir. Golan tepaliklari, 1200 kvadrat kilometrlik plato bo‘lib, bu yerni Isroil 1967 yilgi Olti kunlik urushdan keyin noqonuniy tarzda qo‘lga kiritgan. 1981 yilda esa uni rasman anneksiya qilganini e’lon qilgan. Ammo mazkur yerlar aslida tarixan Suriya hududiga tegishli bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Isroil okkupantlarining bu harakatini bir ovozdan qoralagandi. Golan Suriyaning oldingi lideri Hofiz Asad va Isroil elitasi o‘rtasida doimiy munozaralarga sabab bo‘lgan. Ammo Suriyadagi hokimiyat Hofizning o‘g‘li Bashar Asadga o‘tishi bilan u bu hudud masalasida Isroil bilan konsensusga keladi va platoni Isroil boshqaruvi ostida qoldiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun ushbu hududda istiqomat qiluvchilarning ko‘pchiligi suriyalik druz nomli aholi bo‘lib, ularning aksariyat qismi Isroil fuqarosi hisoblanadi.
2 raundli diplomatik jang
Golandagi halokat va buning oqibatida Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi keskinlik oshishi fonida Yaqin Sharq va unga tutash hududlardagi tashqi ta’sirlardan holi bo‘lgan o‘ta mustahkam lider Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an juda jiddiy ritorik pozitsiyaga o‘tdi. U yakshanba kuni voqeadan bir kun o‘tib, “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi yig‘ilishida Livan va Isroil chegarasidagi ziddiyat kuchaygani bahonasida Netanyaxu va uning jamoasiga o‘ta xavotirli messej yo‘lladi.
“Biz juda kuchli bo‘lishimiz kerak, shunda Isroil Falastinga bunday ishlarni qilolmaydi. Turkiya Qorabog‘ va Liviyaga kirgani kabi, Isroilga ham kirishi mumkin. Buni qilmaslik uchun hech qanday sabab yo‘q. Biz bu qadamlarni qo‘yish uchun kuchli bo‘lishimiz kerak”.
Isroilning 10 oydan buyon davom etib kelayotgan G‘azodagi zo‘ravonliklari oqibatida sabr-kosasi to‘lgan Turkiya Prezidenti nihoyat o‘zining jiddiy va maqsadli so‘zlarini aytdi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu Erdo‘g‘anning oldingi signallaridan tubdan farq qiladi va ushbu safargisi juda jiddiydir. Kutilganidek, Turkiya Prezidentining Isroilga qo‘shin kiritish tahdidi javobsiz qolmadi. Tel-Avivning javobi o‘zini uzoq kuttirmadi. Isroil Tashqi ishlar vaziri Israel Kats Erdo‘g‘anga qo‘rqinchli o‘zinikidan kam bo‘lmagan tahdidli bayonet berdi. U o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Saddamning so‘nggi kunlari aks etgan va Erdo‘g‘an sur’ati birlashgan post joylashtirib, quyidagi xabarni qoldirdi.
“Erdo‘g‘an Saddam Husayn izidan borib, Isroilga hujum qilish bilan tahdid qilmoqda. Iroqda nima bo‘lganini va hammasi qanday tugaganini eslab qolsin”.
Kats bu xabari orqali Yaqin Sharqdagi mustaqil va G‘arb tomondan boshqarilishi imkonsiz bo‘lgan yoki Isroilga qarshi ochiqdan-ochiq harakatlar qilgan liderlarning taqdiri juda yomon tugaganini eslatdi. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, rostdan ham Isroil rejimiga va uning okkupatsion siyosatiga qarshi turgan eng asosiy ikki shaxs Saddam Husayn va Muammar Kaddafiyning siyosiy umri o‘z umri bilan bir vaqtda o‘ta ayanchli tarzda tugagandi. Isroilning ayni damdagi Tashqi ishlar idorasi rahbari o‘zining bu bayonoti orqali Saddamning osilishi va Iroq kulini ko‘kka sovurilishida o‘z qo‘llari bor ekanligini ochiqlab qo‘ydi. Bu ikki davlat o‘rtasida start olgan dahanaki siyosiy jangning birinchi raundi edi. Turkiya tomonining zudlik bilan Katsning so‘zlariga qarshi bergan bayonoti to‘qnashuvning ikkinchi raundini boshlab berdi. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Isroilning eslatmasiga o‘ziga xos tarixiy eslatma bilan javob qaytardi.
“Binyamin Netanyaxu genotsidining oxiri Gitler genotsidi kabi yakun topadi. Falastinliklarni yo‘q qilishga uringanlar uchun vaqti kelib albatta javobgarlikka tortiladi”.
Turkiyaning ushbu haqli va jiddiy bayonotiga Isroil okkupantlari to‘g‘ridan to‘g‘ri javob qaytarmadi. Ammo Isroilning bir qancha davlat telekanallari efirlar vaqtida Erdo‘g‘an tahdidni to‘xtatmasa, uning yo‘q qilinishi haqida ogohlantiruvchi signallar berdi. Bundan tashqari, mamlakatning Tashqi ishlar vazirligi bu voqealar ortidan G‘arbga zudlik bilan noligan holda Turkiyani NATOdan chiqarib yuborishni so‘radi. Bu haqda vazirlik o‘zining rasmiy bayonotida ma’lum qildi.
“Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘anning Isroilga bostirib kirish tahdidi va uning xavfli ritorikasidan kelib chiqqan holda, Tashqi ishlar vaziri Israel Kats diplomatlarga... NATOning barcha a’zolari bilan zudlik bilan hamkorlik qilish, Turkiyani qoralash va uni mintaqaviy alyansdan chiqarib yuborishni talab qilish haqida ko‘rsatma berdi”.
NATO a’zosi sifatida Turkiyaga alyansning hech bir davlati hujum qila olmaydi. Agar Isroilning NATOga qilgan bu murojaatini chuqur tahlil qiladigan bo‘lsak, buni juda jiddiy harakat deb qabul qilishimiz mumkin. Rasmiy Tel-Aviv Turkiyani NATO chegarasidan chiqarish orqali u bilan harbiy mojaroga qo‘l urishni osonlashtirishni nazarda tutgan bo‘lishi ham mumkin. Negaki alyans ichidagi davlat bilan harbiy to‘qnashuv qarshi tomon uchun bir emas, balki naq 32 ta raqibni qatorlashtiradi.
Turkiyaning muvaffaqiyatli aralashuvlari va tarixdagi adolatli yakunlar
Erdo‘g‘anning Isroil hududiga kirish tahdidi Netanyaxu va uning kabinetini titratgani bejiz emas. Sababi Anqaraning shu paytgacha amalga oshirgan harbiy intervensiyalari va boshqa turdagi aralashuvlari ko‘p hollarda muvaffaqiyatli chiqqan. Bundan tashqari, agar ikki davlat o‘rtasida qurolli mojaro boshlangudek bo‘lsa va bunga AQSH aralashmasa bu Isroil uchun dahshatli yakun bilan tugashi mumkin. Chunki harbiy salohiyat, mudofaa tizimidagi innovatsiyalar va armiyalar o‘rtasidagi farqqa ko‘ra bugun mutaxassislar orasida Isroil Turkiya uchun bir yutumlik o‘lja bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar ham yo‘q emas. Harbiy aralashuvga to‘xtaladigan bo‘lsak, Turkiya bu borada masterklass o‘tashi mumkin. Xususan, 2020 yilda Turkiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tan olingan Liviya Milliy birligi hukumatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Liviyaga harbiy xizmatchilarni yubordi. Tripolidagi Milliy birlik hukumatiga rahbarlik qilayotgan Liviya Bosh vaziri Abdulhamid al-Dbeyba Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Tog‘li Qorabog‘ esa alohida mavzu bo‘lib, bu o‘sha paytda turk mudofaa tizimi va sanoati qudrati uchun yaxshigina PR bo‘lib xizmat qilgandi. Turkiya Ozarbayjonning Qorabog‘dagi harbiy amaliyotlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri rol o‘ynaganini rad etgandi, biroq o‘tgan yili yaqin ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlash uchun “barcha vositalar”, jumladan, harbiy tayyorgarlik va modernizatsiyadan foydalanayotganini aytdi. Bayraktar esa ushbu urushda Qorabog‘ni asl egasiga qaytarishdagi eng asosiy va muhim instrument vazifasini o‘tab bergani hech kimga sir emas.
Shunday qilib, joriy yil iyul oyining so‘nggi kunlaridagi siyosiy keskinlik kelajakdagi ko‘plab masalalarning taqdirini belgilab berishi mumkin. O‘z javobini kutayotgan savollar va taxminlar esa ikkita. Erdo‘g‘an Isroil aytganidek Saddam Husayn taqdiri bilan yuzlashadimi yoki G‘azodagi genotsid va begunohlar qirg‘inining muallifi bo‘lganlar Gitler kabi juda xunuk yakun bilan to‘qnashadimi, bu ayni damda barchani o‘ylantirib qo‘ygan mavhumlik bo‘lib qoldi. Ammo hozircha faqatgina bir narsa aniq. Gitler qilmishi oqibatida o‘z yakunini o‘z qo‘li va qarorlar oqibatida xor qildi. Uning tirik qolgan sheriklari Nyurnberg tribunalida o‘z ulushlarini olishdi. 90 yillarda 8 mingdan ortiq Srebrenitsalik Bosniya musulmonlarini bir necha kun ichida shafqatsizlarcha qirib tashlaganlar bugun umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan holda zax panjara ortida o‘z o‘limini kutmoqda. Erdo‘g‘an aytganidek, Srebrenitsadagi genotsidni uyushtirganlar o‘z qilmishiga yarasha javob bergani kabi G‘azodagi 40 ming musulmonning qonini daryo qilib oqizganlar bir kun kelib o‘z jazosini topadi. Shunday ekan, tegirmon navbati bilan…..
LiveBarchasi