Rustam Umarov Pentagon rahbaridan qo‘shimcha o‘q-dori so‘radi

Olam

image

Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov Pentagon rahbari Lloyd Ostin bilan telefon orqali Kiyevga harbiy yordamning yangi paketini, jang maydonidagi vaziyatni muhokama qildi, shuningdek, shoshilinch ravishda qo‘shimcha o‘q-dorilar so‘radi. Bu haqda Umarov X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

"Biz jang maydonidagi so‘nggi yangiliklar va bo‘lajak kuchlarni tayyorlash holatini muhokama qildik. Ukrainaning hozirgi ehtiyojlarini ta’kidladik: askarlarimiz uchun ko‘proq o‘q-dorilar kerak", deb yozgan Mudofaa vaziri.

Shuningdek, u AQSH va Ostinga Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi va doimiy, sobit qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirgan.

O‘z o‘rnida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham X ijtimoiy tarmog‘ida AQSHga navbatdagi harbiy yordam paketi uchun minnatdorlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Vashington ma’muriyati Ukrainaga umumiy qiymati 425 million dollar bo‘lgan navbatdagi harbiy yordam transhi yuborilgani haqida e’lon qilgan edi, bunga NASAMS qisqa va o‘rta masofaga mo‘ljallangan zenit-raketa tizimlari, HIMARS raketa tizimlari uchun snaryadlar, artilleriya snaryadlari, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlariga qarshi kurashish uchun lazer ko‘rsatmasi bo‘lgan o‘q-dorilar, tankga qarshi tizimlar uchun o‘q-dorilar kiradi. Amerika harbiy departamenti omborlaridan Kiyevga 125 million dollarlik qurol-yarog‘lar o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi (USAI) doirasida 300 million dollarlik yordam yuborilmoqda.

Shu bilan birga, 3 noyabr kuni Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per e’lon qilingan harbiy yordam paketidan so‘ng USAI’da qolgan mablag‘lar "tugab qolganini" aytgan. Shu munosabat bilan Jan-Per Kongressni yaqin kelajakda Kiyevga qo‘shimcha yordam ko‘rsatishni ma’qullashga chaqirgan. Shu bilan birga, Bayden o‘z farmonlari bilan Ukrainaga Pentagon omborlaridan qurol va o‘q-dorilarni yuborishni davom ettirishi mumkin. Matbuot kotibining tushuntirishicha, mavjud vaziyat tufayli Vashington Kiyevga harbiy yordam paketlarini yetkazib berishda davom etadi, biroq ularning hajmi kichikroq bo‘ladi.

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan beri Vashington Kiyevni harbiy qo‘llab-quvvatlash uchun 44,2 milliard dollar ajratgan.


Maqola muallifi

Teglar

o'q-dori Rustam Umarov Pentagon rahbari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing