Rustam Qosimov Mirziyoyev nomidan Ollohshukur Poshshozodaga “Do‘stlik” ordenini topshirdi

Jamiyat

image

Bugun, 14 noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Baku shahrida dunyo diniy yetakchilari ikkinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozodaning 70 yoshni qarshilagani munosabati bilan tashkil etildi. 

Sammitning ochilish marosimida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, mamlakat birinchi xonimi – vitse-prezident Mehribon Aliyeva, Haydar Aliyev fondi raisi Laylo Aliyeva ishtirok etdi. 

Sammitda O‘zbekiston nomidan Prezidentning Jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha davlat maslahatchisi Rustam Qosimov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiy Usmonxon Alimov ishtirok etmoqda. 

Sammit muqaddas Qur’on oyatlarini o‘qishdan boshlangan. So‘ng davlat rahbari Ilhom Aliyev nutq so‘zlagan. 

Sammit avvalida Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda Haydar Aliyev ordeni bilan mukofotlandi. Ordenni Prezident Ilhom Aliyev topshirdi. 

Rossiya Federatsiyasi Federatsiyalari Kengashi raisining o‘rinbosari Ilyas Umaxanov Prezident Vladimir Putinning dunyo dinlari etakchilarining II Sammiti ishtirokchilariga yo‘llagan maktubini o‘qib eshittirdi. 

Yiig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha davlat maslahatchisi Rustam Qosimov ham so‘zga chiqib, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozodaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan “Do‘stlik” ordenini taqdim etdi.

Ta’kidlash joizki,  Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozodaning 70 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan sammitda 5 qit’adan 70 dan ortiq mamlakat vakillari, 25 ta yetakchi va an’anaviy dinlar va diniy harakatlar vakillari,  shuningdek yuqori darajadagi mehmonlar ishtirok etmoqda. 

Sammit yakunida Baku deklaratsiyasi qabul qilinadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rustam Qosimov Ollohshukur Poshshozoda

Baholaganlar

63

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing