Prezident marhum maslahatchisini mukofotladi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha sobiq davlat maslahatchisi, marhum Rustam Sobirovich Qosimovni “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotladi. Tegishli farmon bugun, 30 avgust kuni imzolandi.

“Mamlakatimiz mustaqilligini va uning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, o‘zining katta bilim va salohiyati, tashabbuskorlik va tashkilotchilik fazilatlari bilan yurtimizda sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, diplomatiya, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qo‘shgan ulkan hissasi, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirish, milliy va umumbashariy qadriyatlarni keng targ‘ib etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lida ko‘rsatgan jonbozligi hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan taniqli davlat va jamoat arbobi, olim va pedagog, marhum Qosimov Rustam Sobirovich “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlansin”, deyiladi farmonda.

Ma’lumot uchun, Rustam Qosimov 1956 yil 30 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Bosh vazirning ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy soha va yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosari, Prezidentning fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport bo‘yicha davlat maslahatchisi, Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, u O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi a’zosi bo‘lgan, turli yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasida rektor bo‘lgan. Rustam Qosimov 2021 yil 6 mayda vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Rustam Qosimov Fidokorona xizmatlari uchun

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing