Rus propagandasi o‘z tashviqoti uchun maydon qidiryapti – Dilorom Karimova

Jamiyat

image

O‘zbekiston xalq artisti Dilorom Karimova so‘nggi yillarda mamlakatga serqatnov bo‘lib qolgan rossiyalik san’atkorlarni, ular tomonidan amalga oshirilayotgan propagandani tanqid ostiga oldi. Bu haqda u migratsiya masalalari bo‘yicha faoliyat olib boruvchi “Migrant.uz” kanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Bugungi kunda butun dunyoda rus [Rossiya] qudrati, rus [Rossiya] xarakteri, rus tili, rus quroliga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarmoqda. Shu sababli rus propagandasi o‘zining tashviqotini tinglaydigan maydon qidiryapti. Mana shu maydonlardan biri esa bizning maydon (O‘zbekiston) bo‘lib qolyapti. Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin rus san’ati ahli bizga juda sertakalluf va serqadam mehmonimiz bo‘lib qoldi. Mana, yaqinda tiklangan o‘zbek Toshkent kinofestivalining eng aziz mehmonlari ham urushni yoqlovchi, urushni targ‘ib qiluvchi Nikita Mixalkov, Sergey Bezrukovdek kinosan’atkorlardir. Ular kelib katta zallarga yoshlarni yig‘ib, rus tashviqotini olib boradi”, degan O‘zbekiston xalq artisti.

Shuningdek, u rossiyalik san’atkorlarning nutqlaridan ayrim iqtiboslarni keltirgan. Ulardan biri Butunrossiya kinematografiya instituti rektori Vladimir Malishevning shu institut filiali O‘zbekistonda ochilganda talabalarga aytgan nutqidir.

“Sizlar biz bilan mustahkam aloqa qilyapsiz, tinglayapsiz. Buning uchun tashakkur. Biz sizlar bilan birgamiz va ishonamizki, bunday aloqalar natijasida o‘zbek kinosi dunyoni zabt etadi”, degan edi Malishev.

O‘zbek aktrisasi Dilorom Karimovaning aytishicha, Malishev nutqidan so‘ng u talabalarga tashakkurnomalar topshirgan. Lekin ushbu tashakkurnomalar talabalar tomonidan ishlangan filmlar uchun emas, shunchaki Malishevni eshitgani, qabul qilganiga berilgan.

Bundan tashqari, u agar talabalar yaxshi hamkorlikni davom ettirsa, ularning filmlari, albatta, jahonga chiqishini va’da qilgan.

“Yana bir mashhur rejissiyor Nikita Mixalkov O‘zbekistondagi deyarli barcha festivallarning aziz mehmonidir. Yaqinda o‘zining “12” deya nomlangan spektaklini O‘zbekistonga olib keldi va Navoiy nomidagi (Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatri) teatrda ijro etildi. U O‘zbekistondagi nutqlaridan birida shunday degandi:

“Istayisizmi-yo‘qmi sizlar bizning tarkibiy qismimizdasiz. (!) Biz yagona tanamiz. Men bu yerda turist emasman”. Demak, u bu yerning mehmoni emas, xo‘jayini ekanini aytmoqda. U mana shunday fikrlar bilan yoshlar o‘rtasiga uchrashuvlar o‘tkazmoqda”, deydi kuyunib Dilorom Karimova.
 
Shuningdek, u Mixalkovni bittagina ko‘rsatuv bilan ruslarda ukrain xalqiga nisbatan nafrat tuyg‘usini uyg‘otganlikda ayblagan.

“Yana shunday aziz mehmonlardan biri Sergey Bezrukov. U o‘z nutqlaridan birida “men tarixni tiklash va davom ettirish tarafdoriman”, degan. Demak u orqaga qaytmoqchi. Xuddi Putinning maqsadi SSSRni tiklash bo‘lganidek, uning ham maqsadi – shu. Uning aytishicha, davlatlarning bugunini o‘tmish bilan bog‘laydigan rishtalar uzilmasligi kerak”, deya Bezrukovning gaplaridan iqtibos keltirgan Karimova.

O‘zbekiston xalq artisti, teatr va kino olamidagi qator rollari bilan tanilgan aktrisa, pedogog Dilorom Karimova so‘zida davom etib, o‘zbekistonlik san’atkorlarni rus propagandasiga qarshi kurashishga chaqirgan.

“Biz o‘zbekistonlik san’at ahli, adabiyot ahli maydonimizni bunday odamlarga berib qo‘ymasligimiz kerak. Ularning tashviqotidan yoshlarimizning qalbini asrash uchun kurashishimiz kerak”, degan u.


Maqola muallifi

Teglar

Dilorom Karimova propaganda Vladimir Malishev Nikita Mixalkov Sergey Bezrukov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing