Bin Lodin va “Al-Qoida”: 11 sentyabr haqida nimalarni bilish kerak?

Tahlil

image

2001 yil 11 sentyabr. Dunyo hamjamiyatida Amerika Qo‘shma Shtatlarida sodir etilgan zamonaviy tarixdagi eng dahshatli hujumlardan biri – nafaqat Egizak binolar, balki butun insoniyatga qilingan terakt sifatida esda qolgan kun. “Al-Qoida” deb atalgan terrorchilik tashkiloti tomonidan uyushtirilgan hujumlar nafaqat minglab insonlarning hayotiga zomin bo‘ldi, balki AQSHning tashqi siyosati va butun dunyodagi xavfsizlik tizimiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

O‘sha mash’um kunga 25 yil to‘lishi munosabati bilan QALAMPIR.UZ nashri Usoma bin Lodin va “Al-Qoida”ning AQSHga qarshi hujum orqali ko‘zlagan strategik maqsadlari asosan amalga oshmaganini tahlil qildi.

Terakt haqida qisqacha

2001 yil 11 sentyabrda “Al-Qoida”ning 19 nafar a’zosi AQSHda to‘rtta yo‘lovchi samolyotini olib qochgan. Ulardan ikkitasi Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi minoralariga bori urilgan. Hujumlar televizion efirlarda butun dunyoga namoyish etilgan.

Keyin samolyotlardan yana biri Vashingtondagi Pentagon binosi ustiga kelib tushgan. To‘rtinchi samolyot – United Airlines 93-reysi – yo‘lovchilari hujumchilarga qarshi chiqishga uringanidan keyin Pensilvaniya shtatidagi dalaga qulab tushgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uning ehtimoliy nishonlaridan biri Vashingtondagi muhim davlat ob’ekti bo‘lgan.

Qancha odam halok bo‘lgan?

Hujumlar oqibatida qariyb 3 ming kishi halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida samolyot yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari, Jahon savdo markazida ishlagan odamlar, yong‘inni o‘chirish va qutqaruv ishlarida qatnashgan o‘t o‘chiruvchilar hamda politsiya xodimlari bor edi.

Eng katta fojia Nyu-Yorkda yuz berdi. Samolyotlar urilganidan keyin minoralarda katta yong‘in boshlandi va bir necha soat ichida ikki bino ham “go‘zal” tarzda quladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, janubiy minora 9:59 da, shimoliy minora esa 10:28 da qulagan.

Dunyo qanday o‘zgardi?

AQSHda sodir etilgan terrorchilik hujumlari nafaqat mamlakatning o‘zi, balki butun dunyo siyosiy, xavfsizlik va iqtisodiy tizimiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Hodisadan keyin xalqaro munosabatlar o‘zgardi, terrorizmga qarshi kurash dunyo siyosatining eng asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

O‘sha davrda AQSH Prezidenti Jorj Bush hujumlarga javoban “terrorizmga qarshi global urush” boshlagan. Keyinchalik AQSH Afg‘oniston va Iroqqa bostirib kirdi, maxfiy qamoqxonalar, qiynoqlar va maxsus operatsiyalar kabi usullardan foydalandi.

AQSH va uning ittifoqchilari “Al-Qoida” rahbariyatini yo‘q qilish va “Tolibon” hukumatiga bosim o‘tkazish vajida 2001 yil oktyabrda Afg‘onistonga harbiy amaliyotni boshladi. Keyinchalik bu urush 20 yilga yaqin davom etdi. 2003 yilda esa AQSH Iroqqa bostirib kirdi. Bu qaror bevosita 11 sentyabr hujumlari bilan bog‘liq bo‘lmagan bo‘lsa-da, terrorizmga qarshi “global urush” muhiti Iroqqa qarshi harbiy amaliyotni oqlashda muhim siyosiy fon bo‘ldi.

Mazkur voqealardan so‘ng dunyo xavfsizlik xizmati ham tubdan o‘zgardi. Aeroportlarda tekshiruvlar, chegara nazorati va razvedka tizimlari qat’iy va keskin kuchaytirildi. AQSHda Transport xavfsizligi boshqarmasi (TSA) tashkil etilib, aeroportlardagi qoidalar butunlay o‘zgardi. Shuningdek, terrorizmning oldini olish maqsadida davlatlarning telefon, internet va moliyaviy operatsiyalarni kuzatish vakolatlari ham o‘z-o‘zidan kengaydi. Bu esa xavfsizlik va inson huquqlari o‘rtasidagi muvozanat haqida katta bahslarni keltirib chiqardi.

Eng muhimi, 11 sentyabrdan keyin dunyoda xavfsizlik tushunchasi o‘zgardi. Terrorizm endi faqat ayrim davlatlarning ichki muammosi emas, balki xalqaro xavfsizlikka tahdid sifatida qarala boshlandi.

Musulmonlarga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi va propaganda

Hujumlarni “Al-Qoida” – o‘zini islomiy “halifalik” degan mafkurasi bilan tanitgan guruh amalga oshirgani sababli ayrim mamlakatlarda musulmonlar va arablarga nisbatan islomofobiya, kamsitish va nafrat jinoyatlari ko‘paydi. Bu esa terrorchilarning harakatlari bilan butun musulmon jamoalarini tenglashtirish xavfini kuchaytirdi.

11 sentyabr hujumlarini “Al-Qoida” amalga oshirgani aniqlanganidan keyin ayrim jamiyatlarda terrorchilik bilan islom va musulmonlik o‘rtasida noto‘g‘ri bog‘liqlik paydo bo‘ldi. Oqibatda musulmonlar tashqi ko‘rinishi, ismi, kiyinishi yoki dini sababli shubha bilan qaraladigan holatlar ko‘paydi. Ayniqsa AQSH va Yevropada hijob yoki ro‘mol o‘ragan ayollar, arab yoki musulmon ismlariga ega bo‘lgan odamlar bunday munosabatlarga ko‘proq duch kela boshladi.

Eng ayanchli oqibatlardan biri – musulmonlarga qarshi jismoniy hujumlar va nafrat jinoyatlarining ko‘payishi bo‘ldi. Ayrim holatlarda masjidlar, musulmonlarga tegishli do‘konlar va jamoat markazlari hujumlarga uchradi. Odamlar esa ko‘chada faqat musulmon bo‘lgani yoki shunday ko‘ringani uchun haqorat qilingan yoki kaltaklangan holatlari ortdi.

Bu yerda yana bir og‘riqli jihat bor: ayrim hujumlarda jinoyatchilar hujum qurbonlarining aynan musulmon ekanini ham bilmagan. Masalan, tashqi ko‘rinishi yoki teri rangi sababli sikhlar, hindlar va boshqa jamoalar vakillari ham musulmon deb qabul qilinib, hujumlarga uchragan.

Ommaviy axborot vositalarida terrorizm haqidagi xabarlar ko‘paygani sari ayrim auditoriyalarda musulmonlik bilan xavf tushunchasi bir-biriga yaqinlashib bordi. Musulmon terrorchi haqida xabar berilganda uning dini yoki kelib chiqishiga alohida urg‘u berilishi, boshqa terrorchilik harakatlarida esa bunday ta’kidning kamroq bo‘lishi jamoatchilik tasavvurini shakllantirishi mumkin edi. Shunday bo‘ldi ham.

Bu esa oddiy musulmonning “men terrorizmni qoralashim kerak” degan holatga tushib qolishiga olib keldi. Aslida terrorchilik harakati uchun butun bir din yoki milliardlab odamlarni javobgar qilish mantiqan ham, axloqan ham noto‘g‘ri edi. Shu bilan birga, hijob kiygan ayollar jamoat joyida o‘zini yanada ko‘proq nishonga aylanganday his qilgan holatlar ham kuzatilishi kun sayin ortib bordi. Ularning kiyimi ba’zan “ekstremizm” yoki “zulm” bilan asossiz ravishda bog‘landi. Ayrim Yevropa mamlakatlarida esa hijob va boshqa diniy kiyimlar atrofida siyosiy bahslar kuchaydi. Musulmon ayollari esa bir vaqtning o‘zida din, migratsiya, xavfsizlik va integratsiya haqidagi siyosiy bahslarning markaziga chiqib qoldi.

Mazkur jarayonlar ichidagi eng katta muammolardan biri esa juda kichik bir guruhning harakatlari butun din va uning izdoshlariga ko‘chirilishi bo‘lgandi. Dunyoda 2 milliardga yaqin (ba’zi manba’larda esa undan ham ko‘p) musulmon bor. Ular turli davlatlarda yashaydi, turli tillarda so‘zlashadi va siyosiy qarashlari ham har xil. “Al-Qoida”, keyinchalik ISHID kabi terrorchilik tashkilotlarining harakatlarini islomning o‘zi bilan tenglashtirish boshlanib ketdi.

Eng og‘riqli paradoksal holat shu ediki, islom jamiyati bu teraktlar ortidan ommatan gumon va nafratga uchrab turgan ko‘yida mazkur xunrezliklar va fitnalarning eng ko‘p jabr ko‘rganlaridan edi.

Dunyoni titratgan bin Lodin o‘zi kim?

Usoma bin Lodinni tushunish uchun uni faqat “11 sentyabr hujumlarini tashkil qilgan terrorchi” sifatida emas, balki qanday muhitda shakllangani, qanday g‘oyalarga ishongani va qanday qilib global terrorchilik tarmog‘ining yetakchisiga aylangani nuqtai nazaridan ko‘rish kerak.

Usoma bin Muhammad bin Avvad bin Lodin 1957 yilda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida tug‘ilgandi. U juda katta va boy oilada o‘sib ulg‘aydi. Otasi Muhammad bin Lodin qurilish sohasida katta biznesga ega bo‘lib, Saudiya qirollik oilasi bilan yaqin aloqalarga ega tadbirkor edi. Bin Lodin boy oilada tug‘ilganiga qaramay, keyinchalik o‘zini asketik, diniy va jangari hayot tarziga bag‘ishlagan shaxs sifatida namoyon qildi.

U shaxsiyati shakllanishida 1979 yilda Sovet Ittifoqining Afg‘onistonga bosqini hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgandi. 22 yoshli Bin Lodin Afg‘onistonda sovet qo‘shinlariga qarshi jang qilayotgan arab ko‘ngillilarini qo‘llab-quvvatlashga kirishadi. Uning boyligi va aloqalari bu faoliyat uchun katta moliyaviy imkoniyat bergandi.

Afg‘onistonda u faqat jangchi emas, balki odamlarni jalb qilish, mablag‘ to‘plash va xalqaro tarmoq yaratish qobiliyatiga ega tashkilotchi sifatida tanildi. Yosh targ‘ibotchi shu davrda Abdulla Azzam kabi radikal islomiy mafkura vakillari bilan yaqinlashdi. Keyinchalik bu muhit “Al-Qoida”ning paydo bo‘lishiga zamin yaratgandi.

Amerika nafrati

Bin Lodinning qarashlarida AQSH alohida o‘rin tutgan. Sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketganidan keyin u AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy va siyosiy ta’sirini asosiy dushman sifatida ko‘ra boshladi. Ayniqsa, 1990 yilda Iroq Kuvaytga bostirib kirganidan keyin Saudiya Arabistoniga AQSH qo‘shinlarining joylashtirilishi uning noroziligini yanada kuchaytirgandi. O‘sha vaqtlarda Bin Lodin AQSH harbiylari muqaddas deb hisoblangan Saudiya hududida turganidan qattiq g‘azablanardi.

Vaqt o‘tib uning AQSHga qarshi nafrati oddiy siyosiy norozilik darajasida qolmadi. Atrofida kuch to‘planayotgan bin Lodin bu qarashlarni ekstremistik mafkura bilan birlashtirib, tinch aholiga qarshi terrorchilikni oqlashga o‘tdi.

Bin Lodinning shaxsiyatida eng xavfli jihatlardan biri – uning odamlarni muayyan g‘oya atrofida birlashtira olish qobiliyati edi. U o‘zini oddiy siyosatchi yoki davlat rahbari sifatida emas, musulmonlarning “himoyachisi” sifatida ko‘rsatishga harakat qilgan.

Uning targ‘ibotida bir nechta asosiy g‘oya bor edi:
musulmon yerlariga tashqi aralashuvga qarshi chiqish;
AQSH va G‘arbni musulmon dunyosidagi muammolarning asosiy sababi sifatida ko‘rsatish;
musulmonlarni “ummat” sifatida birlashtirish;
qurolli kurashni siyosiy o‘zgarishning asosiy vositasi sifatida talqin qilish.

U aynan shu g‘oyalar orqali turli mamlakatlardan odamlarni o‘z atrofiga jalb qilishga erishdi. U xarizmatik shaxs bo‘lganmi? Ha, uning atrofidagilar uchun bin Lodin ma’lum ma’noda xarizmatik lider bo‘lgan. U oddiy kiyinishi, boyligini ko‘z-ko‘z qilmasligi, tog‘li hududlarda yashashi va o‘zini shaxsiy manfaatlardan voz kechgan inson sifatida ko‘rsatishi orqali tarafdorlarida ishonch uyg‘otgandi. Uning videomurojaatlari ham shu obrazni kuchaytirgandi. Uzun soqol, oddiy kiyim, avtomat yonida o‘tirgan holdagi chiqishlar – bularning barchasi uning tarafdorlari uchun maxsus obraz yaratgandi. Yangi lider bu ko‘rinishi va qat’iyatli va’zlari bilan qiziqqon va o‘z jamiyatlaridan qoniqmagan musulmon jamiyatini illyuziyalay boshlagandi.

“Neptun nayzasi” operatsiyasi

2011 yil 2 may kuni AQSH maxsus kuchlari Pokistonning Abbotobod shahridagi yashirin qarorgohga operatsiya o‘tkazib, bin Lodinni o‘ldirdi. “Neptun nayzasi” (Operation Neptune Spear) deb atalgan bu operatsiyani AQSH maxsus kuchlarining SEAL Team Six bo‘linmasi amalga oshirgan. Ular bin Lodin yashiringan qarorgohga tungi reyd uyushtirib, uni o‘ldirgan.

Qiziq jihati shundaki, operatsiya nomi “Neptun nayzasi” deb atalgan bo‘lsa, bin Lodinning o‘zi esa AQSH hujjatlarida “Geronimo” kod nomi bilan belgilangandi. Operatsiya vaqtida maxsus kuchlar bin Lodin yashiringan qarorgohga kirgach, uning shaxsi aniqlanganini bildirish uchun radioaloqada “Geronimo EKIA” degan xabar berilgan. Bu yerda EKIA – “enemy killed in action”, ya’ni “dushman jangda o‘ldirildi” degan ma’noni anglatadi.

“Geronimo” nomi esa amerikaliklar tomonidan mashhur apachi qabilasi boshlig‘i Jeronimo nomi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun bahslarga sabab bo‘lgan. Chunki tarixiy Jeronimo AQSHga qarshi kurashgan mahalliy amerikaliklar yetakchisi edi. Ya’ni o‘zlaridan chiqqan “dushman”. Bu esa turli konspirologik, balki asossiz ko‘rinsada dalillar ortidan haqiqatga yo‘g‘riladigan gap-so‘zlarni yanada jonlantirgandi.

Ha, butun dunyoni yosh bolalardek tipirchilatib, “panika”ga tushirib qo‘ygan liderning sarguzashtlariga nuqta qo‘yildi. Qizig‘i shundaki, u Afg‘oniston tog‘larida emas, balki Pokistonda, poytaxt Islomoboddan uncha uzoq bo‘lmagan hududda yashiringan edi.

Bin Lodin shaxsiyatining eng muhim sabog‘i shundaki, terrorchilik harakatlarini faqat uning yetakchisining shaxsiy xarakteri bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Uning paydo bo‘lishiga Afg‘oniston urushi, Yaqin Sharqdagi siyosiy mojarolar, radikal mafkura, geosiyosiy raqobat va xalqaro siyosatdagi ziddiyatlar kabi ko‘plab omillar ta’sir qilgandi. Bin Lodin esa shu omillarni o‘zining ekstremistik dunyoqarashi va tashkilotchilik qobiliyati bilan birlashtirib, tarixdagi eng mashhur va halokatli terrorchilik tarmoqlaridan birini shakllantirdi.

Bin Lodin aslida nimani maqsad qilgandi?

“The Guardian” nashrining tahlilchisiga ko‘ra, bin Lodinning asosiy maqsadi AQSHni Yaqin Sharqdan chiqib ketishga majburlash bo‘lgan. U Vashingtonning iqtisodiy jihatdan zaiflashishi oqibatida Amerika mintaqaga aralashuvini to‘xtatadi, deb hisoblagan.

Bin Lodin 2004 yilda “Al-Qoida” AQSHni iqtisodiy jihatdan “qonatib, bankrotlikkacha olib borayotgani” haqida aytgan. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, tashkilotning AQSHga qarshi hujumlari Vashingtonga sarflangan mablag‘dan ancha katta iqtisodiy zarar keltirishi kerak edi. Ammo bu reja amalga oshmadi. 11 sentyabrdan keyin AQSHda yana bir shunga o‘xshash yirik hujum sodir bo‘lmadi, mamlakat Sovet Ittifoqi kabi iqtisodiy tanazzulga uchramadi va AQSH Yaqin Sharqdagi harbiy hamda siyosiy ishtirokini to‘xtatmadi.

Bin Lodinning yana bir maqsadi AQSHning mintaqa davlatlari rahbarlarini qo‘llab-quvvatlashini tugatish edi. Keyingi yillarda ayrim rahbarlar hokimiyatdan ketgan bo‘lsa-da, ularning ag‘darilishi bin Lodin yoki “Al-Qoida” faoliyati natijasida sodir bo‘lmagandi.

Jumladan, Liviya rahbari Muammar Qaddofiy G‘arb qo‘llab-quvvatlagan isyonchilar tomonidan ag‘darildi, Iroq prezidenti bo‘lgan Saddam Husayn AQSH harbiy amaliyoti natijasida hokimiyatdan chetlatildi. Suriyadagi Asadlar sulolasi hokimiyati esa “Al-Qoida”ning sobiq a’zosi bo‘lgan, ammo keyinchalik tashkilot mafkurasidan voz kechgan shaxs boshchiligidagi kuchlar harakati natijasida tugadi.

Bin Lodinning yana bir muhim maqsadi targ‘ibot edi. U 11 sentyabr kabi hujumlar orqali musulmonlarni radikallashtirish, yangi tarafdorlar jalb qilish va jamiyatlarni bo‘lib tashlashni ko‘zlagandi.

Biroq “Al-Qoida”ga nisbatan qo‘llab-quvvatlash 2001 yildan keyin qisqa muddat oshganidan so‘ng tez pasaygan. Bin Lodin esa 2011 yilda AQSH maxsus kuchlari tomonidan Pokistonda o‘ldirilishidan oldin tashkilotning obro‘si musulmon dunyosida ko‘plab musulmonlarning o‘limiga sabab bo‘layotgani uchun jiddiy tanqid qilinganini anglagan. Uning vorisi Ayman az-Zavohiriy ham global qo‘zg‘olon g‘oyasidan voz kechib, mahalliy maqsadlarga e’tibor qaratish strategiyasiga o‘tgan.

2014 yilda Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” (ISHID) guruhi AQSHning Iroqqa bosqinidan keyingi beqarorlik va mazhablararo ziddiyatlardan foydalanib, o‘z “xalifaligi”ni barpo etdi. Biroq bu tuzilma ham 2019 yilga kelib o‘zining hududiy nazoratini yo‘qotdi.

Hozir “Al-Qoida” va ISHIDga aloqador ayrim mayda guruhlar asosan Afrikadagi beqaror hududlarda faoliyat yuritmoqda. Ular Somali va Mali kabi davlatlarda zaif hokimiyat, qashshoqlik va ijtimoiy ziddiyatlardan foydalanib, o‘z ta’sirini saqlab qolmoqda. Shu bilan birga, ushbu guruhlarning bugungi imkoniyatlari 2001 yilda bin Lodin boshqargan “Al-Qoida” bilan teng emas.

Dunyo hamjamiyati bin Lodin mafkurasi ta’sirida yangi hujumlar hali ham sodir bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. Ekspertlar “Al-Qoida”ning hanuz mavjudligi bin Lodin uchun ma’lum ma’noda yutuq bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, buni uning strategik g‘alabasi deb atash mumkin emas, degan xulosaga keladi.

Xulosa

11 sentyabr – tarixda faqat qariyb 3 ming insonning hayotiga zomin bo‘lgan terrorchilik hujumi sifatida emas, balki butun dunyodagi siyosiy jarayonlarni o‘zgartirgan voqea sifatida qoldi. O‘sha kuni AQSHda vayron bo‘lgan binolar bilan birga xavfsizlik, terrorizm, urush va xalqaro munosabatlar haqidagi tasavvurlar ham o‘zgardi.

Bin Lodin va “Al-Qoida” AQSHni Yaqin Sharqdan siqib chiqarish, uni iqtisodiy va siyosiy jihatdan zaiflashtirish hamda musulmon dunyosida keng qo‘zg‘olon keltirib chiqarishni ko‘zlagan edi. Biroq bu maqsadlar amalga oshmadi. Buning oqibatida, aksincha, “Al-Qoida”ning ta’siri susaydi, bin Lodin 2011 yilda o‘ldirildi va tashkilot global miqyosda avvalgi qudratini tiklay olmadi.

Shu bilan birga, 11 sentyabrdan keyingi javobning o‘zi ham ulkan oqibatlarni keltirib chiqardi. Afg‘onistondagi 20 yillik urush, Iroqdagi bosqin, minglab insonlarning halok bo‘lishi, Guantanamo qamoqxonasi, qiynoqlar, ommaviy kuzatuv va fuqarolik erkinliklarining cheklanishi AQSHning o‘zida ham, xalqaro maydonda ham og‘ir bahslarga sabab bo‘ldi.

Mazkur hikoyaning yana bir og‘riqli merosi esa terrorchilarning jinoyati butun musulmon jamoalariga ko‘chirilgani bo‘lgandi. Fojia ortidan oddiy musulmonlar ham nafrat, kamsitish va shubhaga duch kelardi, islomofobiya esa ayrim holatlarda siyosiy qurolga ham aylangandi.

Ha, mana shunday kunlardan o‘tib kelmoqda bu hamjamiyat. Oradan 25 yil o‘tgan bo‘lsa ham, 11 sentyabr qurbonlarining xotirasi, u kundan keyin boshlangan urushlar va jamiyatlarda paydo bo‘lgan bo‘linishlar hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Mana shular sababdirki, bizdan minglab kilometr uzoqda sodir bo‘lgan terakt hanuz eslanmoqda.

Balki bu sananing eng muhim savoli ham shudir: terrorizmga qarshi kurashar ekan, dunyo o‘zini himoya qilish bilan birga qanday qilib adolat, inson huquqlari va tinchlikni ham saqlab qolishi mumkin?
Terror nomiga turli fitnalar ortidan yopishtirilgan islom nomi qachon dunyoda asl ma’nosida – tinchlik so‘zi bilan bog‘lab anglanar ekan?


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing