Putin va Zelenskiy “dueli”, Trampning soxta tinchligi va Erdo‘g‘anning kutilmagan yurishi – Midweek
Tahlil
−
19:05 573 12 daqiqa
Amerika tilda tinchlikparvar, amalda-chi? Eronga qarshi jang boshlagan Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni “aqlsizlik” deb ta’riflayapti. AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset esa Amerika harbiylarini Yaqin Sharqqa joylashtirish muddatini yashirincha uzaytirayotgani fosh bo‘ldi. Vashington geosiyosiy sahnalarda qanday xavfli o‘yin olib bormoqda?
Erdo‘g‘andan kutilmagan burilish. U ikki stulda bir vaqtda o‘tirish tajribasini yo olmoqchi yo ko‘rsatmoqchi. Turkiya Prezidenti SHHTga to‘laqonli a’zo bo‘lish niyatini ochiqladi. NATOning eng qudratli armiyalaridan biriga ega Turkiya G‘arbdan yuz o‘giryaptimi yoki bu Vashington va Bryusselga yo‘llangan navbatdagi ogohlantirishmi?
“Rossiya osmoni endi xavfsiz emas!” Zelenskiyning bu bayonotiga Putin keskin javob qaytardi. U bu chiqishni “davlat terrorizmi” deb atadi. Ushbu tahdidli so‘z duelidan oldinroq esa Narendra Modi nasihat bergan edi. Va bu bekorga emas. Niqoblilar ko‘payayotgan katta siyosat ortidagi sovuq hisob-kitoblarni tahlil qilamiz. Efirda Midweek va men Nurzodbek Vohidov.
Eron bilan urush cho‘ziladi
Yaqin Sharq va Rossiya – Ukraina o‘rtasida “aqlsiz qon to‘kishlar” fonida Vashingtonning tashqi siyosiy strategiyasi tobora murakkab, qarama-qarshi va parda ortidagi pichinglarga boy o‘yinga aylanib bormoqda. Bir tomonda – tinchlikparvar va barcha mojarolarni bir kunda tugatuvchi xaloskor qiyofasini kiyishga urinayotgan AQSH Prezidenti Donald Tramp, ikkinchi tomonda esa – Oq uyning tinchlik haqidagi hayqiriqlari ostida Eron tomoniga yo‘naltirilgan qo‘shinlar muddatini bildirmasdan uzaytirayotgan Mudofaa vaziri Pit Hegset. Bu ikki voqelikdan tashqari Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Retkliffning Moskvaga qilgan maxfiy safari Vashingtonning geosiyosiy sahnalardagi asl yuzini va ikki xillanuvchi pozitsiyasini ko‘rsatib beradi.
“The Wall Street Journal” nashrining o‘z manbalariga tayanib aniqlashicha, AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset Amerika harbiylarini Yaqin Sharqqa joylashtirish muddatini yashirincha uzaytirmoqda. Sababi oddiy: Eronga qarshi rejalashtirilgan operatsiya Vashington kutganidek bu yil tugamasligi mumkin. Qiziq joyi shundaki, AQSH rahbari Donald Tramp Tehronga qarshi harbiy harakatlar tugaganini rasman e’lon qilish g‘oyasini shaxsan qo‘llab-quvvatlayapti va Eron Islom Respublikasiga faqat iqtisodiy bosim o‘tkazish orqali o‘z maqsadlariga erishish mumkinligiga jamoatchilikni ishontirishga urinmoqda. Biroq ritorika boshqa, harbiy voqelik esa umuman boshqa. Mintaqada hali ham 50 ming nafar amerikalik harbiy xizmatchi qolmoqda, harbiy-dengiz kuchlarining 19 ta kemasi, qiruvchi samolyotlar eskadrilyasi hamda havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari jangovar shaylikda ushlab turilibdi.
Ushbu cho‘zilib ketgan harbiy nizo AQSH armiyasining ichki imkoniyatlarini yeb bitirmoqda. WSJ manbalarining ta’kidlashicha, dengizchilar logistika muammolari sababli yaqinlaridan xat va jo‘natmalarni ham ololmayapti, texnikaga xizmat ko‘rsatish va zaxiralarni to‘ldirish izdan chiqqan. Standart xizmat muddati 9 oydan 12 oyga oshirilgan, aviatashuvchi harbiy kemalar ekipajlari esa oylab quruqlik yuzini ko‘rmay dengiz blokadasida ushlab turilibdi. Kelasi yili bu hududga 82-havo-desant diviziyasi ham tortilishi, “Theodore Roosevelt” aviatashuvchisining navbatchiligi esa bahorgacha uzaytirilishi kutilmoqda. Ko‘rinib turibdiki, Vashingtonning “katta tayoq” siyosati o‘z harbiylarining yelkasiga og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda, lekin buni tan olish kimgadir siyosiy achchiq tabletkaday tuyulmoqda.
Dunyoda tinchlik o‘rnataman deyishdan charchamagan, hatto tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olishga uringan, bunday bo‘lmagach arazlab ham qolgan, Eronga qarshi jang boshlagan Donald Tramp Ukrainadagi urushga e’tibor qaratishga ham ulguryapti. U yana o‘sha mashhur va balandparvoz ritorikasiga murojaat qiladi. Oq uyda jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Tramp Ukrainadagi urushni “aqlsizlik” deb atadi va u umumiy hisobda ko‘rsatkichlarni sanab o‘tdi.
“Har oy o‘rtacha 25 ming nafar harbiy halok bo‘lmoqda. Bu butun bir stadion ekanini tasavvur qila olasizmi? O‘rtacha 25 ming kishi”, deydi AQSH rahbari.
Uning fikricha, hujumga o‘tayotgani tufayli Rossiya tomondagi yo‘qotishlar ham kam emas.
“Rossiyaliklar ham ko‘p halok bo‘lmoqda. Ehtimol, ruslar ko‘proqdir, chunki ular oldinga siljimoqda. Ular mudofaa qilmayapti, hujum qilmoqda. Ammo ukrainalik va rossiyalik harbiylarning juda ko‘pi halok bo‘lmoqda. Ular bu ahmoqona urushni to‘xtatishi kerak”, deydi Tramp.
Tramp o‘zining sevimli mavzusini yana bir bor esga olib, agar 2020 yilgi prezidentlik saylovlari “soxtalashtirilmaganida”, Ukrainada urush umuman boshlanmagan bo‘lishini iddao qildi.
“Men 2016 yildan 2020 yilgacha u yerda bo‘ldim. Putin bilan gaplashardim, ammo bu hech qachon sodir bo‘lmas edi. Bunga hech qanday imkoniyat yo‘q edi”, deydi u vakolat davrini eslab.
Prezidentlik davrida “sakkizta urushni to‘xtatgani” haqidagi da’vosini takrorlagan Tramp, Rossiya va Ukraina o‘rtasida “juda katta adovat” borligini tan olsa-da, har ikki tomonni sulhga majbur qila olishiga ishonadi. Buni gaplaridan anglash qiyin emas. U Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyorligini, biroq bu sammit shunchaki qahvaxo‘rlik emas, balki “urush tugay boshlaganida” va tinchlik shartnomasi poydevori qo‘yilgandagina sodir bo‘lishini aytdi.
“Men Rossiya, Ukraina – hamma bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishimizni xohlayman. Bu biznes uchun ham juda yaxshi bo‘lar edi. Rossiyaning ulkan hududlari va juda qimmatli yerlari bor”, deya Tramp geometrik va iqtisodiy manfaatlarni ham qistirib o‘tishni unutmadi.
Lekin Trampning ushbu ochiq va shov-shuvli bayonotlari ortida doimgidek maxfiy razvedka diplomatiyasi yashiringan. Avgust oyi oxirida MRB direktori Jon Li Retkliffning Moskvaga kutilmagan va e’lon qilinmagan maxfiy safari dunyo OAVlarida katta rezonans keltirib chiqardi. “Politico” nashri xabariga ko‘ra, Retkliff Moskvaga Rossiya rasmiylarini NATOning sharqiy qanotiga, xususan, Estoniya, Latviya va Litvaga nisbatan har qanday tajovuzkor hamladan ogohlantirish uchun borgan. “The Wall Street Journal” esa bu tashrif shaxsan Donald Trampning topshirig‘i bilan amalga oshirilganini yozdi.
Kutilmagan shubhali mish-mishlarni bosish uchun AQSH Davlat kotibi Marko Rubio “Fox Radio”ga bergan intervyusida diplomatik parda orqasini biroz ochishga majbur bo‘ldi. Rubio MRB rahbarining Moskvaga safari uch tomonlama sammit tashkillashtirish uchun emas, balki oddiy ishchi muloqot ekanini aytdi.
“Uning tashrifi asosan odatiy edi, chunki u razvedka xizmatlari o‘rtasidagi aloqa kanallarini sozlashni davom ettirishi kerak edi, chunki bunday narsalar mojaro yoki inqiroz paytida foydali bo‘lishi mumkin”, deydi Marko Rubio.
Shuningdek, u Retkliff, Putin, Tramp va Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv tayyorlayotgani haqidagi xabarlarni keskin rad etdi.
“Bu xabarlar qayerdan kelayotganini bilmayman, chunki bu uchrashuv haqidagi ma’lumotlar juda kam sonli odamlarda bor va ularning hech biri matbuot bilan muloqot qilmagan”, deya u o‘ziga xos qochirim bilan ma’lumot tarqalish kanallarini shubha ostiga oldi.
Ammo Retkliffning tashrifi shunchaki ishchi muloqot bo‘lsa, nega birdan bo‘ldi, avvaldan e’lon qilinmadi degan savollar paydo bo‘lishi tabiiy. Bunga javoban esa biz ehtimoliy ssenariylar haqida alohida tahlil tayyorlaganmiz. Uni ekranlaringizda paydo bo‘lgan sarlavha orqali qidirib topishingiz mumkin.
Umumiy manzaraga nazar tashlasak, AQSH ma’muriyati dunyo sahnasida tinchlikparvar hamkor rolini o‘ynashga qancha urinmasin, uning amaldagi harbiy harakatlari Vashingtonning asl maqsadi tinchlikdan ko‘ra, ko‘proq geosiyosiy nazoratni qo‘ldan boy bermaslik ekanidan dalolat beradi.
Insoniyatni ortga tortayotgan urush
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 2 sentyabr kuni o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilgan murojaatida Rossiya havo hududidan foydalanayotgan har bir aviakompaniya, sug‘urta tashkilotlari hamda Rossiyaning asosiy aeroportlaridan foydalanayotgan barcha xalkaro sub’ektlarni qat’iy ogohlantirdi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiya osmonida dronlar harakati shunchalik ko‘payganki, bu fuqarolik aviatsiyasi uchun real xavfga aylangan.
“Bugun biz Rossiya havo hududidan foydalanayotgan har bir aviakompaniyani, har bir sug‘urtachini, Rossiyaning asosiy aeroportlaridan haligacha foydalanayotganlarning barchasini ogohlantirmoqchimiz: Rossiya osmoni to‘liq xavfli bo‘lib bormoqda. Ukraina fuqarolik aviatsiyasining o‘ziga – hech bir fuqarolik samolyotiga tahdid solmaydi. Shunchaki Rossiya osmonida dronlar shunchalik ko‘p bo‘ladiki, buni hisobga olish shart. Rossiya rasmiylari bu haqda tegishlicha xabar bermayotgan bo‘lsa-da, Rossiya osmoni de-fakto yopiladi: Rossiya tomonidan boshlangan urush uning osmonini yopmoqda”, deb yozdi Zelenskiy.
2 sentyabr kuni Bishkekdagi SHHT sammitidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina rahbarining bu bayonotiga keskin va qat’iy munosabat bildirdi. Putin Zelenskiyning ogohlantirishlarini “davlat terrorizmiga teng” harakat deb atadi. U, shuningdek, so‘nggi paytlarda ukrain tomoni muzokaralarga sharoit yaratishni so‘rayotganiga ishora qildi.
“Ular bizdan muzokaralarni qayta boshlashni, yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazishni so‘ramoqda. Terrorchilar bilan muzokara olib borilmaydi. Agar Rossiya havo hududida fuqarolik aviatsiyasi bilan bog‘liq biror fojia yuz bersa, biz bunga javob berish yo‘lini topamiz”, deya tahdidli ohangda ta’kidladi Putin.
Moskva va Kiyev o‘rtasidagi ushbu keskin so‘z duelidan biroz oldin, Bishkek sammiti doirasida Rossiya va Hindiston rahbarlarining yuzma-yuz muloqoti bo‘lib o‘tgan edi. Kreml rasmiy saytida 31 avgust kuni e’lon qilingan parchalarga ko‘ra, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Vladimir Putin bilan uchrashuvda harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligini yana bir bor eslatgan.
“Cheksiz urushdan urushning yakuniga, harbiy harakatlarni tugatishga o‘tish zarur. Biz barcha muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishimiz kerak. Urushning har bir kuni insoniyatni orqaga tortyapti”, dedi Modi.
Bunga javoban Putin Rossiya va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlar “alohida imtiyozli strategik sheriklik” tamoyillariga tayanishini va Moskva ham inqirozni tinch yo‘l bilan tartibga solish yo‘nalishida harakat qilayotganini da’vo qildi.
Shuni ta’kidlash kerakki, bu Hindiston Bosh vazirining Putin oldida urushni to‘xtatish haqida qilgan birinchi ochiq bayonoti emas. Modi 2022 yilda Samarqanddagi SHHT sammitida “Bugungi davr urush davri emas” degan bo‘lsa, 2024 yilda Moskvadagi uchrashuvda “Bombalar, qurollar va o‘qlar sharoitida tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatli bo‘lishi imkonsiz” deya ta’kidlagan edi. Biroq, diplomatik minbarlardagi tinchlikparvarlik haqidagi chorlovlar va shiorlarga qaramay, amaldagi iqtisodiy faktlar butunlay boshqa manzarani ko‘rsatmoqda.
G‘arb sanksiyalariga qaramay, Nyu-Dehli Moskva bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini izchil kengaytirib bormoqda. Bloomberg va boshqa yetakchi xalqaro tahlil agentliklarining ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston nafaqat Rossiyadan chegirmali narxlarda ulkan hajmda neft xarid qilmoqda, balki ikki maqsadli mahsulotlar – harbiy sanoatda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan mikrochiplar va sanoat dastgohlarini ham Rossiyaga yetkazib berishda vositachilik qilmoqda. Hatto so‘nggi oylarda Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari ortidan yuzaga kelgan yonilg‘i taqchilligini yopish uchun Moskva Hindistondan benzin xarid qilishni boshlagan va birinchi partiya 5 avgust kuni yetkazib berilgan.
Geosiyosiy vaziyatga qarab, tahlil qiladigan bo‘lsak, bugungi kunda har bir tomon o‘zining strategik o‘yinini olib boryapti. Zelenskiyning Rossiya osmoni haqidagi ogohlantirishi Moskvaga iqtisodiy va logistik bosimni oshirish hamda xalqaro aviakompaniyalarni Rossiya yo‘nalishlaridan chekinishga majbur qilishga qaratilgan diplomatik hamda psixologik yurishdir. Putin esa ushbu xavfni “davlat terrorizmi” deb baholash orqali muzokaralardan bosh tortishini oqlashga va o‘z jamoatchiligiga qat’iyatlilikni namoyish etishga urinmoqda. Hindiston va Xitoy kabi Sharqiy qudratli davlatlar esa bir tomondan minbarlarda tinchlikka chaqiruvchi neytral ritorikani saqlab qolayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan Rossiyaning iqtisodiy izolyatsiyasidan maksimal darajada foydalanib, o‘z energetika va savdo manfaatlarini ta’minlashda davom etmoqda. Sodda qilib aytganda, oddiy odamlar va harbiylar urush olovida qurbon bo‘layotgan bir paytda, katta siyosat minbarlarida baralla aytilayotgan “tinchlik” haqidagi gaplar shunchaki niqob xolos. Siyosiy sahna ortida esa hamma narsani odamlar hayoti emas, sovuq hisob-kitob va katta pul hal qilmoqda.
Putin Armaniston bilan bog‘liq vaziyatga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. 1 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti yakunlari bo‘yicha jurnalistlar savollariga javob berayotganda Rossiya rahbari “Armanistonga Rossiya bazasi kerak bo‘lmasa, ertagayoq ketamiz” dedi. Qolaversa Armaniston ikki tomonda ham o‘yna olmasligi haqida dangal gapirdi. Bu mavzu bo‘yicha alohida material tayyorlaganmiz. Uni ekranlaringizda paydo bo‘lgan sarlavha orqali qidirib topishingiz mumkin.
Turkiya SHHTga to‘laqonli a’zo bo‘ladimi?
Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti va “SHHT+” formatidagi kengaytirilgan uchrashuvlar yakunlanishi hamono, xalqaro diplomatiya sahnasida Anqaraning ko‘p vektorli tashqi siyosati yana bir bor e’tibor markaziga tushdi. Qirg‘izistondan qaytish chog‘ida samolyot bortida jurnalistlar bilan muloqot qilgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Anqaraning SHHT bilan munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish niyatida ekanini va hatto tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Biroq 1952 yildan beri NATOning doimiy a’zosi bo‘lib kelayotgan va yaqindagina alyans sammitiga mezbonlik qilgan davlat rahbarining bu bayonoti darhol G‘arb poytaxtlarida ham, geosiyosiy tahlilchilar orasida ham jiddiy savollarni keltirib chiqardi.
Ammo Rajab Toyib Erdo‘g‘an jurnalistlar bilan suhbatda Anqaraning Sharq tomonga strategik burilishi G‘arb bilan aloqalarga xalaqit bermasligini va bu Yevroatlantika makonidan yuz o‘girish emasligini alohida uqtirishga urindi.
“Turkiyaning SHHTga a’zo bo‘lish istiqboli hech bir holatda mamlakatning G‘arbdan yuz o‘girishini anglatmaydi. Bizning maqsadimiz – har tomonlama qarash konsepsiyasiga amal qilgan holda o‘z ta’sirimizni kengaytirishdan iborat”, deydi Turkiya Prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara Shimoliy Atlantika alyansidagi (NATO) o‘z o‘rni va ishtirokini to‘liq saqlab qolgan holda, parallel ravishda SHHTga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirish variantini strategik kun tartibida ushlab turibdi. Ko‘rinib turibdiki, Erdo‘g‘an ikki qarama-qarshi qutb orasida geosiyosiy muvozanat saqlashga va bir vaqtning o‘zida “ikki stulda o‘tirish” tajribasini mukammallashtirishga harakat qilmoqda.
Turkiya 1952 yildan buyon NATOning eng muhim va qudratli a’zolaridan biri hisoblanadi. O‘shanda a’zolikka qabul qilish to‘g‘risidagi tegishli hujjatlarni mamlakat rahbari Jalol Bayar tasdiqlagan edi. Joriy yilning iyul oyida Anqara so‘nggi 22 yil ichida ilk bor o‘z hududida NATOning 36-sammitiga mezbonlik qilib, alyansdagi tutgan o‘rnini yana bir bor namoyish etdi. Ammo NATOdagi ushbu faolligiga parallel ravishda Turkiya SHHT bilan ham uzoq yillik muloqot va sheriklik aloqalarini izchil rivojlantirib kelmoqda. 2012 yilning iyun oyida Pekin sammitida Anqaraning arizasi bir ovozdan ma’qullanib, 2013 yilning aprelida Turkiyaga muloqot bo‘yicha sherik maqomini beruvchi huquqiy memorandum imzolangan edi.
Erdo‘g‘anning Bishkekdagi uchrashuvlari va SHHTga to‘liq kirish haqidagi chaqiriqlari ortida nafaqat diplomatik manyovr, balki Anqaraning Yevropa Ittifoqiga ko‘p yillik samarasiz intilishlaridan keyingi muqobil variantlarni qidirishi ham yotibdi. Turkiya Yevroittifoq eshiklari oldida o‘n yilliklar davomida kutishdan charchagach, geosiyosiy richaglarni oshirish uchun Vashington va Bryusselga “agar siz qabul qilmasangiz, Sharqda munosib hamkorlarimiz bor” degan ishorani yo‘llamoqda.
Siyosiy tahlilchilarning ta’kidlashicha, NATO a’zosi bo‘lgan va alyansning ikkinchi eng yirik armiyasiga ega davlatning Rossiya va Xitoy yetakchilik qilayotgan tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lishi NATO ustav va prinsiplariga mohiyatan zid keladi. Bir tomondan NATO doirasida g‘arbiy mudofaa strategiyasini shakllantirish, ikkinchi tarafdan esa G‘arb sanksiyalari va geosiyosiy bosimlariga qarshi platforma sifatida ko‘rilayotgan SHHT blokida ishtirok etish amaliyotda jiddiy diplomatik ziddiyatlarni keltirib chiqarishi muqarrar. Shunga qaramay, Erdo‘g‘an ushbu “muvozanat o‘yini” orqali o‘zining mintaqaviy va global geosiyosiy mavqeini oshirishga, shuningdek, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muhim tranzit hamda vositachi sifatidagi rolini saqlab qolishga intilmoqda. Anqaraning bu tashabbusi amalda qanchalik amalga oshadi yoki oddiy diplomatik bosim vositasi bo‘lib qoladimi – buni yaqin kelajakdagi voqealar rivoji ko‘rsatib beradi.
Live
Barchasi